O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (O‘zMADA) hamda Yaponiya antidoping agentligi (JADA) o‘rtasida antidoping sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat antidoping tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli.
Memorandum O‘zMADA va JADA o‘rtasida huquqiy asos yaratib, antidoping faoliyatini yanada samarali, uyg‘un va xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishga xizmat qiladi. Kelishuv doirasida tomonlar doping sinovlari va tekshiruvlar, ta’lim va profilaktika dasturlari, natijalarni boshqarish, ilmiy tadqiqotlar hamda kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, ilg‘or amaliyotlar va axborot resurslaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mazkur hamkorlik sof sport tamoyillarini himoya qilish, xalqaro musobaqalarda halollikni ta’minlash hamda sportchilarni adolatli va shaffof antidoping tizimlari orqali qo‘llab-quvvatlash borasidagi umumiy intilishlarni ifodalaydi. Shu bilan birga, u Osiyo–Tinch okeani va Markaziy Osiyo antidoping hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, mintaqaviy va global hamkorlikni kengaytirishga hissa qo‘shadi.
Tomonlar memorandum yangi qo‘shma loyihalar, kasbiy almashinuvlar va muvofiqlashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Bu tashabbuslar antidoping sohasida yuzaga kelayotgan zamonaviy muammolarga tezkor va samarali javob berish hamda milliy antidoping tizimlarini izchil takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi respublikada antidoping dasturlarini amalga oshirish, Butunjahon antidoping kodeksiga rioya etilishini ta’minlash va toza sport g‘oyalarini keng targ‘ib etish uchun mas’ul hisoblanadi. Yaponiya antidoping agentligi ham o‘z navbatida Yaponiyada ushbu vazifalarni bajarib kelmoqda.
Imzolangan memorandum nafaqat O‘zbekiston va Yaponiya, balki Markaziy Osiyo mintaqasi sportchilari, sport tashkilotlari hamda keng sport jamoatchiligi uchun ham muhim va manfaatli hamkorlik bo‘lishi mumkin.
Hamroz Bayanov, O‘zA