O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Sian Jismoniy tarbiya universiteti o‘rtasida bir qancha sport turlarini rivojlantirish, ilmiy loyihalarni birgalikda olib borish bo‘yicha qo‘shma tadqiqot markazi tashkil etiladi.
Bu haqda bugun, 4 iyun kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xitoy Xalq Respublikasi Sian Jismoniy tarbiya universiteti kotibi Liu Zi Shi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘rnatilgan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar, seminar va musobaqalar hamda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Oliygohlar faoliyatiga oid taqdimotlar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Aloqalarni rivojlantirish, shu bilan birga xalqaro sport ta’limi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Sian Jismoniy tarbiya universiteti kotibi Liu Zi Shiga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti "Faxriy professor"i unvoni berildi.
Xitoylik sport ta’limi mutaxassislari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit, sport inshootlari hamda ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA