Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi
18:54 / 2024-08-01

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘in O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va ikki mamlakat turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Yurtimizning “Travel Together” va Xitoyning “Fei Jing Tourism” kompaniyalari tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va xususiy sektor vakillari, xorijiy investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

- O‘tgan yil XXRdan o‘lkamizga 45 mingga yaqin sayohatchilar kirib kelgan, joriy yil esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda, - dedi “Fei Jing Tourism” kompaniyasi rahbari. - Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganini qayd etishim lozim. 

- Xitoydan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz, - dedi “Travel Together” kompaniyasi asoschisi Bobur Mirzaahmedov. - Shu bilan birga, mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish borasida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yganmiz. 

Forum davomida tashkil etilgan O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doira vakillarining B2B formatidagi uchrashuvlarida ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qilishdi, hamkorlikning yangi imkoniyatlari o‘rganildi. 

– Bu yil O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohatchilar soni 10 milliondan ortishi kutilmoqda, -deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xodimi Umarbek Esonmurodov. – O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va Sharqiy Osiyo davlatlaridan kirib keluvchi turistlar sonini oshirishda imkoniyatlarimiz yetarli.

Tadbir O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA