O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, uning raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi texnologiyalar va investitsiyalar jalb etish juda muhimdir.
Shu sababli, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ushbu sohani yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sanoatni modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.
Yaqinda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashkil etilgan xizmat safari ham ana shunday islohotlar bilan bog‘liq.
Delegatsiya tashrif davomida Gonkong va Kechyao shaharlarida Xitoy tomoni vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, ikki tomon to‘qimachilik va trikotaj sanoatini rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalar almashinuviga alohida e’tibor qaratdi.

Gonkong shahrida “Wong Sun Hing Group” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston to‘qimachilik sohasidagi imkoniyatlar, davlat tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar hamda yangi investitsiya loyihalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, “O‘zbekiston-Xitoy” biznes-forumi va B2B uchrashuvlarda Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik qilish, loyihalarni moliyalashtirish, kredit liniyalari ochish va investitsiya jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Kechyao shahrida esa “KEDE” kompaniyasi bilan bo‘yash va suv tozalash inshootlari sohasidagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekistondagi bo‘yoqxonalarning texnik imkoniyatlari va ehtiyojlarini muhokama qilib, bo‘yoqxona uskunalarini modernizatsiya qilish hamda markazlashgan suv tozalash inshootlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni rivojlantirishga kelishib oldi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, delegatsiyaning Xitoyga tashrifi yangi investitsiya va texnologiyalar hamkorligi yo‘lida muhim qadam bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi sanoat sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini yaratdi. Bu kabi o‘zaro aloqalar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining zamonaviylashuvi va xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirishda katta ahamiyatga ega.
N. Ziyodullayeva, O‘zA