Toshkentdagi Xalqaro ko‘rgazma markazida “2025 yil Xitoy – Markaziy Osiyo – O‘zbekiston” savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazma Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (SSPIT) tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, strategik sheriklikni chuqurlashtirish maqsad qilingan.
Tantanali ochilish marosimida Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (SSPIT) ko‘rgazmalar departamenti direktori o‘rinbosari Chjan Shujin, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov, Xitoyning O‘zbekistondagi Elchixonasi birinchi kotibi Lyu Yan, O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Otabek Roziqov va O‘zbekiston avtomobil savdosi assotsiatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Muhammad Usmonov ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada Xitoyning 200 ga yaqin yetakchi kompaniyasi o‘z mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Jumladan, aqlli ishlab chiqarish, yuqori aniqlikdagi displey texnologiyalari, yangi avlod elektrokarlari va ularning ehtiyot qismlari namoyish etilmoqda.
Tadbir doirasida 4 800 kvadrat metr maydonda “ekologik qurilish materiallari”, “yashil energiya”, “raqamli savdo” kabi yo‘nalishlarda alohida bo‘limlar tashkil etilgan. Milliy imidj paviloni esa Xitoy kompaniyalarining zamonaviy sanoat yutuqlari va yuqori texnologik yechimlarini namoyon etadi.
Ko‘rgazma doirasida Xitoy – O‘zbekiston savdo va investitsiya forumi ham o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat rasmiylari, biznes vakillari va savdo-sanoat uyushmalari ishtirokida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar tashkil etildi. Brendlar bo‘yicha talab va taklif anjumanida 100 ga yaqin xarid ehtiyojlari e’lon qilindi. Bu esa ikki tomonlama uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti ruhini amalda namoyon etish hamda Xitoy – Markaziy Osiyo sammitida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu orqali Xitoyning O‘zbekiston va mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari yanada kengayishiga turtki beriladi.
Mazkur tadbir nafaqat Xitoy kompaniyalari uchun Markaziy Osiyo bozorini kengaytirish imkonini yaratadi, balki O‘zbekiston sanoatidagi modernizatsiya jarayonlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu orqali savdoni rivojlantirishga qaratilgan infratuzilma yanada takomillashtiriladi, raqamli iqtisodiyot va yashil energiya kabi strategik yo‘nalishlarda yangi hamkorlik loyihalariga poydevor qo‘yiladi.
Ko‘rgazma doirasida qator sohalar bo‘yicha taqdimotlar, biznes uchrashuvlar va muloqotlar ham uyushtiriladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/L7FdkB1t9EI" title="O‘zbekiston va Xitoy savdo ko‘rgazmasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nilufar Bozorova, Doniyor Yakubov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA