O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mushtarak munosabatlar ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
Xususan, Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “Xitoy – Markaziy Osiyo qurilish vazirlari konferensiyasi” sohaga oid yangi imkoniyatlarni ishga solishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ham ishtirok etmoqda.
Uchrashuvlar doirasida vazir Xitoy uy-joy qurilish sanoati, qurilish industrializatsiyasi, mahsulotlari va uskunalari xalqaro ko‘rgazmasi hamda “Sifatli uy-joy uchun texnologiyalar” texnologik ko‘rgazmalarida qatnashdi.

Ko‘rgazmalarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan yetakchi kompaniyalar, investorlar va soha mutaxassislari o‘zlarining eng so‘nggi ishlanmalari, ilg‘or qurilish texnologiyalari hamda innovatsion yechimlarini namoyish etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tadbir ishtirokchilari bilan muloqot jarayonida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilish va shaharsozlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda zamonaviy, ekologik va qulay yashash makonlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga tatbiq etish, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor va ekologik barqaror qurilish materiallarini ishlab chiqarish hamda “Aqlli shahar” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasidagi uchrashuvlar Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni o‘zaro almashish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi bilan ahamiyatli.

Bunday xalqaro muloqotlar va ko‘rgazmalar nafaqat tajriba almashish maydoni, balki yangi g‘oyalar, texnologiyalar va hamkorlik tashabbuslari uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA