Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy: o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga o‘sib, 9 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi
11:08 / 2023-12-20

O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik asosida rivojlanib bormoqda. Bunda oliy darajadagi faol siyosiy muloqot muhim ahamiyat kasb etayotir.

Keyingi 5 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga o‘sib, 9 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu davrda Xitoy sarmoyasi hajmi ham 5 barobar, kompaniyalar soni esa 3 barobar oshdi.  

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Chjan Sinvey uchrashuvida shu haqda gap bordi. O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining keng doirasi, xususan, siyosiy savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.  

Muloqot davomida birgalikda innovatsion va texnologik quvvatlarni yaratish, xususan, avtomobilsozlik, yashil energiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.  

O‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Joriy yilning o‘zida amalga oshirilgan tashriflar natijasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik yuzdan ortiq sarmoyaviy bitim va shartnomalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.  

Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik, birinchi navbatda, ta’lim, fan va texnologiya, madaniyat va turizm sohalarini yanada rivojlantirish lozimligi haqida yakdil fikr bildirildi.  

Tomonlar chuqur va o‘zaro manfaatli sheriklik asosi sifatida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishda keyingi yillarda faollik kuzatilayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan yanada boyitish lozimligiga to‘xtaldi.  

Parlament delegatsiyalarining tashriflarini faollashtirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, mahalliy byudjetlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, “yashil iqtisodiyotga” o‘tish, suv resurslarini muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.  

 

N.Abduraimova, O‘zA