O‘zbekistonning so‘nggi yillarda ochiqlik, o‘zaro hurmat va pragmatizm asosida amalga oshirayotgan faol tashqi siyosati, mintaqa davlatlari bilan birodarlik va hamkorlik ruhi xalqaro maydonda mas’uliyatli va faol ishtirokchi sifatida yuksalishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayni jihatlarga ko‘ra, bugungi kunda kelib Xitoy O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylandi. 2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 12,4 milliard dollardan oshdi.
Xitoyning Xenan provinsiyasi markazi Chjenchjou shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) media va tahlil markazlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Sinxua axborot agentligi, Sinxua instituti, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi va Xenan viloyati hukumati tomonidan tashkil etilgan nufuzli tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
30 ga yaqin davlatdan 400 dan ortiq tahlil markazlari, siyosiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan sammitda o‘zgarayotgan dunyoda SHHTning roli va birgalikdagi barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, markaz rahbari Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – Xitoy strategik hamkorligi va SHHTning yanada o‘zaro bog‘liq dunyo barpo etishdagi o‘rni” mavzusidagi ma’ruza bilan chiqish qildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Eldor Tulyakov o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida rivojlanib borayotgan strategik sheriklik munosabatlari, SHHT doirasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi, Xitoy va SHHTning global bog‘liqlik, savdo va barqaror rivojlanishni ilgari surishdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Sammit doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari va tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy tashkilotlar hamda dunyoning yetakchi aql markazlari o‘rtasida amaliy natijalarga boy bo‘lgan bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA