Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi 20 milliard dollarga yetkaziladi
18:19 / 2026-03-03

Toshkent shahrida 3-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi delegatsiyasi ishtirokida O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xitoyning 70 dan ortiq kompaniya va moliyaviy institutlari, shuningdek, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.  

Mamlakatimiz tomoniga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov boshchilik qildi. Xitoy delegatsiyasiga esa Shensi provinsiyasi Xalq hukumati gubernatori o‘rinbosari Li Szyun rahbarlik qildi.  

Xitoy tomoni vakillari orasida "China Railway First Group", "China Railway 20th Bureau Group", "Shaanxi Construction Engineering Holding Group", "Shaanxi Coal and Chemical Industry Corporation" kabi yirik kompaniyalar vakillari ham bor.  

[gallery-27945]

Forumning ishbilarmonlik qismida iqtisodiy hamkorlikning amaliy ko‘rsatkichlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 17,8 milliard dollarga yetib, 34 foizlik o‘sish qayd etilgani ta’kidlandi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.  

2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 15,8 milliard dollarni tashkil etdi. 2026-yilda bu raqamni 21 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.  

Hozirgi vaqtda umumiy qiymati qariyb 58,8 milliard dollarga teng qo‘shma loyihalar portfeli amalga oshirilmoqda. Ular energetika, sanoat, kimyo, mashinasozlik, to‘qimachilik, logistika, axborot texnologiyalari hamda “yashil” iqtisodiyot kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan.  

Strategik ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalar, jumladan ,“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi alohida qayd etildi. Ushbu tashabbus yangi Yevroosiyo transport yo‘lagini shakllantirishda muhim bo‘g‘in sifatida baholanmoqda.  

B2B muzokaralar doirasida sanoat kooperatsiyasi, xomashyoni chuqur qayta ishlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan o‘nta O‘zbekiston – Xitoy sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Investitsiya tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga ham alohida e’tibor qaratildi.  

Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yuqori texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish, Sian shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Uchinchi hududlararo forumga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, “Bir makon – bir yo‘l” global tashabbusi doirasida qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish belgilandi.  

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA