Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda (+video)
19:11 / 2025-09-12

Toshkent shahrida Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tomonidan tashkil etilayotgan “2025 yil – Xitoy – Markaziy Osiyo: O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari Lyu Yue hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Ta’kidlanishicha, “2025 yil – Xitoy – Markaziy Osiyo: O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi” 2025 yil 16-18 sentyabr kunlari Toshkent xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam savdo-iqtisodiy munosabatlar asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xitoy so‘nggi yillarda O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkori va asosiy investitsiya manbai sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilda Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” xalqaro transport yo‘nalishining ishga tushirilishi hamda Xitoy va O‘zbekiston yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamladi. 

Ko‘rgazma 4000 kvadrat metrlik yopiq va 800 kvadratmetrlik ochiq maydonda tashkil etiladi. Unda 200 ga yaqin korxona qatnashishi ko‘zda tutilgan. Ekspozitsiyalar milliy imidj, aqlli ishlab chiqarish va sanoat uskunalari, yashil energiya va energiya saqlash, aqlli qurilmalar va elektron texnologiyalar, transport va avtoqismlar, qurilish va ekologik materiallar, raqamli savdo va xizmatlar deb nomlangan yettita asosiy bo‘limdan iborat. 

Ko‘rgazmada “Gree”, “Hisense”, “Zhejiang Hangcha”, “DEEP Robotics”, “Ruhr IoT”, “Tianjin Huabang” kabi yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulot va texnologiyalarini namoyish etadi. Biomimetik robotlar, aqlli sensor tizimlari va innovatsion qo‘llanmalar ko‘rgazmaning innovatsion salohiyatini namoyon etadi. 

Tadbir doirasida 16 sentyabr kuni ochilish marosimi hamda Xitoy-O‘zbekiston savdo va investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, talab va taklif anjumanlari, sohaviy taqdimotlar va biznes uchrashuvlar ham tashkil etiladi. Iste’molchi ehtiyojlari va takliflar yuzasidan joyida muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli hamkorlik yuzasidan kelishuvlar amalga oshiriladi. Ushbu ko‘rgazma Xitoy korxonalari uchun xalqaro bozorlarga chiqish imkonini yaratishi barobarida O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi korxonalar uchun Xitoy texnologiyalari hamda mahsulotlarini yaqindan o‘rganish imkoniyatini yaratadi. 

Tadbir “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sanoat modernizatsiyasi va savdo munosabatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Tashkilotchilar O‘zbekiston davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarini ko‘rgazmada faol ishtirok etishga chaqiradi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tikHURkshmQ" title="O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nilufar Bozorova, Doniyor Yakubov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA