Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazildi
11:53 / 2024-06-19

“Sohu” nashri xabar berishicha, Shensi provinsiyasi poytaxti Sian shahrida “Zhejiang Loong Airlines” aviakompaniyasining Sian – Samarqand – Sian yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoziga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu ushbu shahardan Markaziy Osiyoga yettinchi xalqaro yo‘nalish.

Bosh qarorgohi Chjetszyan provinsiyasi Xanchjou shahrida joylashgan ushbu aviakompaniya havo orqali yo‘lovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan.

Tadbirda “Zhejiang Loong Airlines” rahbari Gao Inchjan, Sian xalqaro aeroporti bosh direktori Tan Shaofey, Xitoy shimoli-g‘arbiy mintaqasi fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Niu Szyunmin va O‘zbekiston elchixonasi vakillari mazkur yo‘nalishning ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi.

Marosimda Xitoyning 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyasi, 30 ga yaqin madaniyat va turizm sohasi hamda 10 dan ziyod OAV vakillari, shuningdek Siandagi xorijiy diplomatiya vakolatxonalari xodimlari ham ishtirok etdi.

Mehmonlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda mamlakatimizning turizm salohiyati haqida batafsil so‘zlab berildi.

Shensi gubernatori o‘rinbosari Van Xaypen ikki mamlakatning eng muhim madaniy markazlari o‘rtasida havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mintaqaviy do‘stona munosabatni mustahkamlash, xususan muayyan hududlar sayyohlik salohiyatini kengaytirish, turistlar oqimini tezlashtirish hamda savdo-iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirishga ko‘maklashishini ta’kidladi.

O‘zaro avia qatnov sonini ko‘paytirish, parvoz geografiyasini kengaytirish “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi maqsadlari bilan hamohang ekaniga urg‘u berildi.

Davlat rahbarlari tomonidan 2023 yil 18 may kuni Sian shahrida imzolangan Qo‘shma bayonot, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish Dasturi hamda O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 23-25 yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan sa’y-harakat natijasida ayni vaqt o‘zaro parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazilgani ma’lum qilindi.