Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari hamkorligi to‘g‘risida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi
10:13 / 2024-01-23

Pekin shahrida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi tashkil etildi. Forumda O‘zbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan 110 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etdi.

Forumni Xitoy Ta’lim vaziri o‘rinbosari Chen Sze, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ochib berdi. Tadbir yalpi majlis va 4 ta panel sessiyadan tashkil topdi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri o‘rinbosari Chen Sze o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.  

Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston-Xitoy oliy ta’lim muassasasi rahbarlari tomonidan 4 ta yo‘nalishda – aniq fanlar, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, AKT, gumanitar fanlar, tibbiyot va farmatsevtikaga bag‘ishlangan panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbir davomida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 70 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, 5 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi asosida 300 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba Xitoyning ilg‘or universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik 100 nafardan ortiq talaba uchun grant dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.  

Forumda O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari hamkorligi to‘g‘risida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu Deklaratsiya doirasida Xitoy va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida institutsional platforma yaratish, Xitoy-Markaziy Osiyo ta’lim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.  

Forum doirasida aniq fanlar, muhandislik, AKT, gumanitar fanlar, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida universitetlararo uchrashuvlar tashkil etildi va qator o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA