Neft-gaz sektori har qanday davlat uchun iqtisodiy rivojlanish va energetik xavfsizlikning muhim ustuni hisoblanadi.
O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash jarayonlari va yangi quduqlarni faol rivojlantirish natijasida mamlakatning uglevodorod zaxiralarini aniqlash va samarali foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.
Xususan, xalqaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoyning yirik “CNPC” korporatsiyasi o‘rtasida muhim kelishuvlarga erishilishi ham shundan sa’y-harakatlar natijasidir. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, joriy yildan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ geologiya-qidiruv ishlari va quduqlarni burg‘ilash bo‘yicha ko‘lami jihatidan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan keng qamrovli dasturni amalga oshirishga kirishmoqda. Bu dastur jamiyat resurs bazasini kengaytirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan xizmat safari doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya va “CNPC” korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Dey Xoulyan o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda aynan shu masalalarga urg‘u berildi. Shuningdek, unda neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli kelishuvlarga erishish masalalari muhokama qilindi.

Unda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilida kamida 6 500 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik tadqiqotlar o‘tkazish va turli chuqurlikdagi quduqlarni burg‘ilash rejalari ma’lum qilindi. Ilk bor bunday keng ko‘lamli ishlar kompleks tarzda, bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi bloklarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida “CNPC” guruhiga kiruvchi kompaniyalar bilan qator yirik shartnomalarni imzolash rejalari ham muhokama qilindi. Tomonlar burg‘ilash qurilmalari, butlovchi qismlar, quvurlar kabi texnologik uskunalarni xarid qilish, shuningdek, uglevodorod qazib olish sohasida tajriba almashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, "CNPC" tarkibidagi "Kunlun Digital Technology" kompaniyasi bilan raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish, chuqur burg‘ilash va 3D seysmik qidiruv yo‘nalishlarida "XIBU", "BGP" (Bi-Ji-Pi), "CNLC" bilan hamkorlik amaliy ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlar kompaniyalar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, O‘zbekiston-Xitoy strategik sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA