O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasi bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabati o‘zaro manfaatli tarzda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugun mazkur aloqalar strategik sherikchilik darajasiga ko‘tarilgan.
Diplomatik munosabatning 30 yildan ortiq davri mobaynida tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va qadriyatlar allaqachon shakllanib ulgurdi, o‘zaro rishtalar mustahkam asosga ega bo‘ldi. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida, shuningdek Markaziy Osiyoda barqarorlik mustahkamlanishida nafaqat rivojlangan G‘arb mamlakatlari, balki iqtisodiy o‘sish sur’ati kuchayib borayotgan Osiyo mamlakatlari, xususan XXR bilan ko‘p qirrali aloqalar muhim o‘rin tutadi. Yevrosiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish jarayonida uchraydigan muammolarni birgalikda hal etish yo‘lida XXR oxirgi o‘n yilliklarda sezilarli ta’sirga ega bo‘layotgani ko‘pchilikka ayon. Shu ma’noda O‘zbekiston va Xitoy ikki va ko‘p tomonlama formatda, ayniqsa, strategik masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ittifoqchilar, deya olamiz.
Jamiyatlariga xos sharqona qadriyatlar – kattalar va ustozlarga hurmat, oilaviy rishtalarga sadoqat, jamoaviy ruhiyat va siyosiy madaniyat, tomonlarning tarixiy va jo‘g‘rofiy bog‘liqlik, umumiy Ipak yo‘li va boshqa omillar bu ikki zaminni qadimdan jihatdan bir-biriga yaqinlashtirgan. Markaziy Osiyo turli davrlarda Xitoyni Yaqin Sharq hamda Yevropa bilan bog‘laydigan ko‘prik vazifasini o‘tagan. Bugun esa mamlakatlarimiz iqtisodiyotida bir-birini to‘ldiradigan sohalar – ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasi, madaniy va turizm sohalarida ham foydalanilmagan imkoniyat keng.
O‘zbekiston va XXR hamkorligi yengil sanoat, qurilish, tibbiyot, mashinasozlik, ta’lim, yashil energetika kabi muhim sohalarda muvaffaqqiyatli rivojlanmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda ushbu davlat sarmoyasi hisobiga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan korxonalar keskin ko‘paydi. Xitoy kompaniyalari va moliya institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda Xitoy investitsiyasi miqdori besh barobar, kompaniyalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo 36 foiz o‘sdi. Yaqin besh yilda tovar ayirboshlash qiymatini 20 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda qo‘shimcha qiymatga ega innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologiyali loyihalar portfelini kengaytirish, iqtisodiy, madaniy, ta’lim sohalaridagi mintaqalararo hamkorlikka alohida urg‘u qaratilmoqda. Xitoyning yetakchi banklari va Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan hamkorlik yanada faollashmoqda.
O‘zbekiston va Xitoyni tarixan bog‘lagan Ipak yo‘li zamonaviy bosqichda XXR Raisi Si Szinpin tomonidan 2013 yil ilgari surilgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro taraqqiyot tashabbusi orqali rivojlantirilmoqda. 2023 yil may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Xitoy” mintaqalararo birinchi forumida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada jadallashtirish taklif etilgan. O‘zbekiston va XXR yetakchilari rasmiy uchrashuvlar, muloqotlar chog‘ida o‘zgarib borayotgan global tartibot sharoitida o‘zaro manfaatli aloqalarni jadallashtirish zarurligini ta’kidlab keladi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 17 oktyabr kuni Xitoyda kompleks masalalar, jumladan davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga oid dolzarb masalalarni ko‘targan. Davlatimiz rahbari qayd etishicha, “Bir makon bir yo‘l” global tashabbusi qisqa davr ichida insoniyatning umumiy taraqqiyot va farovonlikka erishishiga xizmat qiladigan ochiq platformaga aylandi.
O‘zbekiston va Xitoy ko‘p qirrali munosabatini yanada chuqurlashtirish hozir ham kun tartibidagi dolzarb masala hisoblanadi. Ayni vaziyat, bizningcha, bunga dunyo va mintaqa miqyosida, shuningdek mamlakatlarimizda kechayotgan quyidagi shart-sharoitlar bilan bevosita bog‘liq:
- Global tartibotdagi kutilayotgan ko‘p markazli tizimga o‘tish jarayoni oldidan strategik rejalashtirish zarurati;
- Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy krizislar ortidan yuzaga kelgan gumanitar vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘p tomonlama diplomatik vositachilikka ehtiyoj;
- O‘zbekiston va Xitoydagi ayrim ijtimoiy muammolar (iqlim o‘zgarishi, tartibsiz migratsiya, aholi qarishi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni kamaytirish)ga qarshi kurashishda hamkorlik taklifi;
- Mamlakatlar o‘rtasida transport-logistika, energetika va ta’minot zanjiriga ulanishda foydalanilmagan imkoniyatlarni ruyobga chiqarish hamda mavjud rejalarni amalga oshirish (“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini tezlashtirish, Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq bilan bog‘laydigan temir yo‘l loyihasiga XXRni jalb etish) taklifi ilgari surilishi;
- Global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama siyosiy muloqot hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlov mavjudligi (bu o‘tgan o‘n yilliklarda va hatto, Afg‘onistondagi ichki siyosiy o‘zgarish tufayli ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda).
Bugun bemalol aytish mumkinki, O‘zbekiston va Xitoy munosabatida yangi davr boshlangan. Yangi davrda tomonlar o‘rtasida kompleks strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan edi.
O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish va amalga oshirish uchun samarali tajriba almashish oqali amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston tomonidan 2023 yil – “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilish tashabbusi bildirilib, mazkur loyiha doirasida qator tadbirlar amalga oshirildi. Masalan, o‘tgan yil Xanjou shahridagi Milliy Ipak muzeyida diyorimizga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilgan. Pekindagi “Gugong” saroy muzeyida “Madaniy meros va arxeologiya sohasidagi kamar va yo‘l hamkorligi” ko‘rgazmasida boy tarixiy merosimiz namoyish etildi. 2023 yil oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari o‘tkazildi. Joriy yil bahorda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston yoshlari orasida Xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2014 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Xitoyshunoslik fakulteti mintaqamizda yagona hisoblanadi. Konfutsiy instituti ham mintaqamizdagi dastlabki filiallarini aynan O‘zbekistonda – Toshkent va Samarqandda ochgan. Xitoy tilini o‘qitish, yosh olimlar almashinuvini kengaytirishga ehtiyoj yaqqol sezilmoqda. Jumladan, XXR hukumatining “YES-China” dasturi xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglash muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Joriy yil 12 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi tomonidan O‘zbekiston va Xitoy hamkorligiga doir muhim masalalarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman uyushtirildi. Tadbirda diplomatlar, ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mavjud aloqalarni rivojlantirishga doir yangi yo‘nalishlarini aniqlab oldilar hamda muhim takliflar bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Tashrif dasturiga muvofiq, Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Kun tartibidan har tomonlama strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, davlatimiz rahbari Xitoy hududlaridan biriga tashrif buyurib, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi ham rasmiy xabarlarda ma’lum qilindi. O‘ylaymizki, mamlakatimiz yetakchisining Xitoydagi navbatdagi rasmiy tashrifi oliy darajadagi muloqotni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga hissa qo‘shadi.
Sherzod Ziyoyev,
Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar
instituti tadqiqotchisi, xitoyshunos ekspert
O‘zA