Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari eng yuqori darajaga yetdi
16:42 / 2025-09-07

Munosabat

Bugun mamlakatimiz tashqi siyosatda ochiq, faol va konstruktiv muloqot yo‘lidan bormoqda. Bunday siyosat keyingi yillarda dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikda yangi sahifa ochdi.

Bu jarayon Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi hamda “SHHT plyus” sammitida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbus va takliflarda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Xalqaro ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni yuqori baholamoqda. 

Shu munosabat bilan Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan suhbatlashdik.

– O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon milliy xususiyatlarga mos rivojlanish yo‘lini tanladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligi ostida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichi boshlandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda va ular sezilarli natijalar bermoqda.

Bugungi O‘zbekiston afsonaviy humo qushi singari qanot yozib, yuksaklarga ko‘tarilmoqda. Buyuk ipak yo‘li sivilizatsiyasining beshigi bo‘lmish ushbu ulkan yurt zamonaviy qiyofaga ega bo‘lmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti jadal suratlar bilan rivojlanmoqda. Yalpi ichki mahsulot o‘sishi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevroosiyo mintaqasida ham eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ijtimoiy sohada ham barqaror rivojlanish kuzatilmoqda. Kambag‘allikka qarshi kurash o‘z samarasini bermoqda. Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston dunyo mamlakatlari bilan do‘stona aloqalarni faol rivojlantirib kelmoqda. Uning mintaqaviy va xalqaro nufuzi tobora ortib bormoqda. Har qanday mamlakat elchisi bilan muloqotda bo‘lsangiz, ularning barchasi prezidentingizning Markaziy Osiyo mamlakatlari birdamligini mustahkamlash va mintaqaning barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan tarixiy hissasini alohida qayd etadi.

O‘zbekiston BMT, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama platformalarda bir qator muhim tashabbus va takliflarni ilgari surmoqda. Ular xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, yuqori baholanmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari tez-tez va samimiy muloqot qilib kelishdi. Ularni ikki yaqin do‘st deb atash mumkin. Shu vaqt mobaynida ko‘plab yorqin va unutilmas voqealar sodir bo‘ldi. Yetakchilar mamlakatlarimiz munosabatlarini yangi tarixiy bosqichga – har tomonlama strategik sheriklikning yangi davriga ko‘tardilar. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy matbuotida chop etilgan maqolasini yigirma to‘rt soat ichida millionlab xitoylik o‘qib chiqdi. Undagi chuqur falsafiy g‘oyalar va samimiy his-tuyg‘ular jamoatchilik orasida katta rezonans uyg‘otdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 2022 yil sentyabrda davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etdi. Bunday xalqaro platformalardagi muloqotlar ham ikki davlat aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aytish joizki, O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari davlat boshqaruvi masalasida o‘xshash qarashlarga ega. Ularning har ikkisi ham milliy manfaatlarni ustuvor o‘ringa qo‘yadi. Bu yetakchilarning strategik rahbarligi ostida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixdagi eng yuqori darajaga yetdi. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi izchil amalga oshirilmoqda. Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib, dinamik o‘sish namoyon etmoqda.

Xitoy ko‘p yillardan beri O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiya hamkori hisoblanadi. Savdo, investitsiya, energetika va infratuzilma qurilishi bilan bir qatorda “yashil iqtisodiyot”, madaniyat va zamonaviy qishloq xo‘jaligi sohalarida ham yangi o‘sish nuqtalari shakllanmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib kuchga kirdi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari, chiqindilarni energiyaga aylantirish zavodlari va elektr energiyasini saqlash ob’ektlari qurilishida faol ishtirok etmoqda. Xitoy brendidagi elektromobillar O‘zbekistonda tobora ommalashib bormoqda.

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, gilos, anor, qovun va loviya kabi mahsulotlar tobora ko‘proq hajmda Xitoy bozoriga eksport qilinmoqda va u yerda yuqori talabga ega.

Keyingi bosqichda davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni yanada samarali amalga oshirish, boshlangan loyihalarning barqaror bajarilishini ta’minlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish zarur.

Shu o‘rinda, Vataningiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan Xitoy xalqi va davlati nomidan O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni bildirmoqchiman. Butun qalbimdan mamlakatingizga ravnaq, tinchlik va farovonlik tilayman. Prezidentingiz rahbarligida Yangi O‘zbekiston orzu-maqsadlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishini istayman. Mamlakatlarimiz munosabatlari yanada rivojlanib, hamkorligimiz yangi natijalarga erishishini niyat qilaman.

O‘zA muxbiri 

Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.