Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy: hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
18:45 / 2021-06-14

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon (1992 yil 2 yanvar) o‘tgan 29 yil davomida ikki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama rivojlanib bormoqda.

Xalqlarimiz o‘rtasida qadimiy Buyuk ipak yo‘li orqali olib borilgan savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar hozirgi kunda yangicha ko‘rinishda, davrga xos tezkorlik va shiddat bilan davom etmoqda. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama, «Bir belbog‘, bir yo‘l» tashabbusi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida tobora kengayib bormoqda.

Xitoy «Bir belbog‘, bir yo‘l» tashabbusining Markaziy Osiyoga tegishli bo‘lgan «Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i» loyihasi doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirmoqda.

«Bir belbog‘, bir yo‘l» strategiyasi siyosiy kelishuv, infrastruktura tutashuvi, erkin savdo, erkin kapital aylanmasi, xalqlar yaqinligi kabi beshta yo‘nalishni qamrab olgan.

Siyosiy sohada ikki mamlakat rahbarlarining doimo o‘zaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorligini kuzatish mumkin. O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida «Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya» (2012) imzolanishi hamkorlikning har tomonlama va tezkor rivojlanishiga asos bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, tomonlar bir-birlarining manfaatlarini, xalqaro sohada ilgari surilgan hamkorlik tashabbuslarini, mamlakatlar hududiy yaxlitligini himoya qilish bilan bog‘liq harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, davlat suvereniteti va xavfsizligiga zarar yetkazuvchi ishlarga aralashmaydi. Strategik sheriklikning asosiy omillari hisoblangan savdo, moliya va investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi. O‘zbekiston va Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi doirasida energetika, transport, fan va texnika, ijtimoiy-gumanitar hamda xavfsizlik sohalarida faol hamkorlik mexanizmi muntazam harakatda bo‘ladi.

Prezidentimizning 2017 yil may hamda 2018 yil iyun oylarida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifidan so‘ng mamlakatlar o‘rtasida ko‘plab yangi hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi. 2017 yil 12 mayda ikkala mamlakat rahbarlari imzolagan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. 2017 yildagi tashrif davomida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada 100 dan ziyod hujjat imzolandi. Erishilgan kelishuvlar doirasida ko‘plab salmoqli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

2018 yildagi tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Shanhay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Sindao shahrida o‘tkazilgan o‘n sakkizinchi majlisida so‘zlagan nutqida bir qator muhim va dolzarb takliflarni ilgari surdi. Aholi, ayniqsa, yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qat’iy va barqaror immunitetni shakllantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirishga katta ahamiyat qaratildi. Tomonlarga SHHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyati berildi. Innovatsiya dasturlari va loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsad qilib olindi. Jahon sayyohlik tashkiloti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari kengaydi. bugungi kunda mazkur takliflar doirasida SHHTga a’zo davlatlar bilan birgalikda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Xitoy hukumati, vazirlik va idoralari, qolaversa, tadqiqotchi olimlar o‘rtasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xitoylik olimlar O‘zbekistonning zamonaviy siyosati va iqtisodiy taraqqiyotini o‘rganishga katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy faoliyati va olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlariga katta qiziqish bilan qaralmoqda. Masalan, 2019 yil dekabrda Xitoy xalqaro muammolar akademiyasida «Prezident Shavkat Mirziyoyev – O‘zbekistondagi islohotlar davrining me’mori» nomli kitob chop etildi. Asarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi va kelajagi yuzasidan strategik qarashlari, davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo mintaqasi, SHHT  va Yevroosiyo hududida xavfsizlik va taraqqiyot ta’minlanishida tutayotgan faol o‘rni o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston taraqqiyotining o‘suvchanligi, mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida tarixan qisqa davrda amalga oshirilgan izchil o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar xitoylik kitobxonlar e’tiboriga havola qilingan.

Ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, fan va ta’lim sohalarida ham ko‘plab tadbir va samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Xitoy hukumati rahbari Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Buxoroga tashrif buyurdi va u yerdagi madaniy yodgorliklar bilan tanishdi. Tomonlar o‘rtasida ikki mamlakatning ijtimoiy-gumanitar va madaniy aloqalari bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaror qilindi. Buxoro va Xitoyning Luo Yang shahri do‘st shaharlar, deb e’lon qilindi. Qolaversa, Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian shaharlari ham turli sohada hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston va Xitoyda muntazam ravishda madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, konsert va kino festivallari o‘tkazilib turiladi. Jumladan, 2019 yil 24-27 dekabr kunlari Xitoyning Pekin shahrida «Ipak yo‘li gavhariga sayohat» mavzusida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyat bo‘limining «Buxoro mavjlari» va «Buxoro go‘zallari» ansambllari o‘z dasturlari bilan ishtirok etdi.

Xitoylik san’at vakillari O‘zbekiston madaniyati va san’atiga qiziqish bilan qarayotganini kuzatish mumkin. Masalan, 2003 yilda Xitoyning Chanchun shahrida bo‘lib o‘tgan 6-jahon haykaltaroshlari forumi doirasida buyuk rassom, miniatyurachi Kamoliddin Behzodga haykal o‘rnatildi. 2017 yilda Shanxay universitetida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyga haykal qo‘yildi. Xitoyning bir qator yirik shaharlarida «O‘zbekistonning taniqli rassomlari asarlari» badiiy ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Nomoddiy madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalarni saqlab qolish va ta’mirlash bo‘yicha ham Xitoy va O‘zbekiston olimlari yaqin hamkorlik qilmoqda. 2018 yil Toshkentda madaniy yodgorliklarni asrash texnikasi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya olimlarining davra suhbati tashkil etildi. Konferensiyada, ayniqsa, Xiva shahridagi tarixiy obidalarni asrashga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim sohasida davlatlar va idoralararo, jumladan, o‘zbek va xitoy tillarini o‘rganish doirasida talaba va tadqiqotchilar almashuvi tobora ko‘paymoqda.Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Samarqand chet tillari universiteti qoshida Konfutsiy nomidagi institutlar ochildi. Unda har yili 350 dan ziyod tinglovchi xitoy tilini o‘rganadi.

Butun dunyoda keng tarqalgan “SOVID-19” pandemiyasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning ham ko‘plab tarmoqlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, mamlakatlar buning oldini olish va aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida o‘zaro hamkorlikda ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Marg‘uba Siddiqova,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi, siyosat fanlari falsafa doktori (PhD).