So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari kengayib, ko‘plab sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga, parlamentlararo aloqalar sohasida ham muayyan kelishuvlarga erishilmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi Xalqaro do‘stlik uyushmasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni quyi palataning Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov kutib oldi. Bu haqda Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi. Hukumatlar, parlamentlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Muloqot davomida U.Shermatov mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
M.Komilova,
O‘zA