English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda
23:56 / 2025-08-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi o‘tkazildi.

Тадbirда 700 nafardan ortiq tadbirkor, ya’ni 600 nafardan ziyod yetakchi Xitoy kompaniyalari va qariyb 100 nafar O‘zbekistonning yirik korxonalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan biznes-forum o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yirik biznes muloqot maydoniga aylandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Xalqaro savdoga ko‘maklashish bo‘yicha Xitoy kengashi raisi o‘rinbosari Li Sinshua ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirning moderatori sifatida Jiangsu Radio and Television telekanali boshlovchisi Lyu Fanfan qatnashdi.

O‘z nutqida Jamshid Xo‘jayev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bu qadamlar mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini keskin oshirish, sanoat o‘sish sur’atlarini tezlashtirish va jahon bozorlarida o‘z o‘rnini mustahkamlash imkonini berganini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati xorijiy tadbirkorlarga to‘liq qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini bildirdi.

Li Sinshua esa Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirishini ta’kidladi. U sanoat kooperatsiyasi, energetika, logistika va agrobiznes sohasida yangi loyihalar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, biznes-forum O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari jadal rivojlanayotgan bir paytda o‘tdi. Xususan, 2023 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 13,8 milliard dollarni (+55,1%) tashkil etdi. 2024 yilda savdo hajmi 13,07 milliard dollarga (-5,4%) yetdi va eksport 6,3 foizga oshdi. 2025 yil yanvar-iyul oylari davomida esa tovar aylanmasi 8,78 milliard dollarga yetdi.

2011 yildan buyon Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasi faoliyat yuritib kelmoqda. Shu kunga qadar qo‘mitaning yettita yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lib, so‘nggisi 2024 yil 13 may kuni Toshkentda Xitoy davlat kengashi Bosh vazir o‘rinbosari Lyu Gochjun ishtirokida bo‘lib o‘tdi. 

Investitsiyaviy hamkorlik ham tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2017-2024 yillarda O‘zbekistonga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari umumiy hajmi 24,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan rekord darajadagi 10,4 milliard dollari 2024 yilga to‘g‘ri keldi (+242%). Joriy yil boshidan buyon 5,7 milliard dollardan ortiq investitsiya (+6%) kiritildi. Yil yakuniga qadar esa 15 milliard dollardan ziyod investitsiya (+45%) o‘zlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Faqat 2024 yilning o‘zida 1,9 milliard dollarlik 64 ta loyiha ishga tushirilgan.

Shuningdek, 2025 yil 1-2 iyun kunlari Samarqand shahrida Ikkinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Unda 800 dan ortiq Xitoy kompaniyalari qatnashdi. Forum yakunlari bo‘yicha 10 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari va savdo kontraktlari imzolandi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminovning qayd etishicha, Pekin shahrida o‘tkazilgan biznes-forum tomonlar uchun har jihatdan foydalidir.

–Shu o‘rinda energetika sohasiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Hozirgi kunda tizimda o‘tish davri kechmoqda va bu jarayonda O‘zbekiston bilan Xitoy hamkorligi ahamiyatlidir. Aytish kerakki, yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari integratsiyasi bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning qariyb 30 foizi Xitoy kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda 30 dan ortiq yirik tashabbus, ya’ni 10 milliard dollardan ziyod loyihalar aynan ularning ishtirokida tatbiq etilyapti.

Xitoy qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallab, bu yo‘nalishdagi umumiy ishlarning 80 foizini ta’minlab kelmoqda. Shu bois, mazkur davlat O‘zbekiston uchun strategik hamkor hisoblanadi.

Energetika tizimidagi yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biz Xitoyning yetakchi loyiha institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yganmiz. Hozirgi kunda sohani strategik rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bunda Xitoyning katta tajribasi mamlakatimiz energetika sohasi rivojida muhim o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi doirasida o‘tgan mazkur forum juda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi. Bu esa kelgusida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va ulkan imkoniyatlar eshigini ochishga zamin yaratadi, –dedi U.Mamadaminov.

Shuningdek, biznes-forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikka oid hujjatlar almashuv marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng B2B va G2B muzokaralari tashkil etildi. Tadbirkorlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgiladi.

Ta’kidlash kerakki, forum yakunlari O‘zbekiston va Xitoyning savdo-iqtisodiy, sanoat va investitsiya sohalarida strategik sheriklik qurishga bo‘lgan o‘zaro intilishini yana bir bor tasdiqladi. Bu esa qo‘shma rivojlanish va mintaqaviy hamda global bozorlardagi pozitsiyalarni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA