Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida Agentlik delegatsiyasi "New Frontier Group" kompaniyasining bosh direktori hamda hammuassisi Karl U bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etish lozimki, "New Frontier Group" Xitoydagi eng yirik integratsiyalashgan sog‘liqni saqlash va reabilitatsiya tizimlaridan biri bo‘lib, insonning butun hayot sikli davomida xizmat ko‘rsatadi.
Muloqot jarayonida reabilitatsiya markazlarini samarali boshqarish uchun zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya standartlarini ishlab chiqishda xalqaro ekspertlarni jalb qilish, uyda xizmat ko‘rsatish amaliyotining samaradorligi, jumladan qayta gospitalizatsiyalarni qisqartirish va xizmatlar qiymatini kamaytirish orqali aholi uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, "New Frontier Group" kompaniyasi tarkibiga 11 ta xalqaro ko‘p tarmoqli va ixtisoslashgan shifoxona, 5 ta integratsiyalashgan onkologiya markazi, 27 ta shifoxona va tibbiyot markazi, 22 ta reabilitatsiya shifoxonasi, 7 ta bolalar reabilitatsiya markazi kiradi. Ushbu tarmoq 40 dan ortiq shaharni qamrab olgan bo‘lib, 77 ming nafarga yaqin bemorga uyda parvarish xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, Agentlik delegatsiyasi tomonidan United Family Healthcare (UFH) muassasasiga tashrif amalga oshirilib, reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tajriba, ayniqsa palliativ xizmatlar yo‘nalishidagi ishlar o‘rganildi.
Tomonlar nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda doimiy parvarishga muhtoj aholi uchun reabilitatsiya xizmatlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan tahlil va kompleks tadqiqot o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA