Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanmoqda
16:47 / 2024-01-27

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi strategik va do‘stona munosabatni jadal rivojlantirishga qo‘yilgan yangi qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining Xitoyga navbatdagi tashrifi ikki mamlakat manfaati uchun xizmat qiluvchi yuqori darajadagi uchrashuvlar va kelishuvlarga boy bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston – Xitoy munosabatini har tomonlama strategik hamkorlik darajasida mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

O‘zbekiston va Xitoy munosabati keyingi yillarda turli yo‘nalishlarda jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. XXR bugungi kunda O‘zbekistonning har jabhada ishonchli hamkori hisoblanadi. Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengayib va mustahkamlanib borishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrni boshidan kechirmoqda”.

Xitoy o‘zining iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatiga ko‘ra, bugungi kunda jahonning eng qudratli davlatlaridan biri maqomiga erishdi. Xitoy xalqaro jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida global rivojlanish va umumbashariy muammolarni hal etish borasida o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Xitoyning mintaqaviy xavfsizlik masalalarida va xalqaro maydondagi salmoqli va ikki mamlakat uchun manfaatli xatti-harakatlarini yuqori baholaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.

XXR oxirgi yillarda nafaqat iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida ulkan yutuqlarga erishdi. Ta’lim, ilm-fan va inson resurslarining har tomonlama taraqqiyotiga ajratilgan ko‘lamli investitsiyalar, davlat darajasidagi tizimli yondashuv va muntazam e’tibor natijasida Xitoy jahon miqyosida raqobatbardosh ilmiy-texnologik va innovatsion taraqqiyotga erishdi. Qisqa fursatlarda mamlakat mutlaqo yangi qiyofa kasb etib, jamiyatda qashshoqlik, qoloqlik kabi salbiy oqibatlar bartaraf etildi.

Mamlakatning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bugungi kunda global miqyosda mamlakatlarni bunyodkorlik g‘oyasi asosida birlashtirishga va yuzaga kelayotgan xavflarni birgalikda yechishga qaratilgan platforma sifatida tanildi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida va mintaqaning global o‘zaro bog‘liqlikning muhim bo‘g‘iniga aylanib borishida ahamiyati yuqori bo‘lmoqda. Xitoy bilan strategik hamkorlik natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon mamlakatlari bilan hamkorligi kengayib, mintaqaning geografik kamchiliklari uning afzalliklariga aylanib bormoqda.

2023 yilning may oyida Xitoyning Sian shahrida birinchi marta bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston Xitoy davlati bilan rivojlanish istiqbollarini rejalashtirishda katta qadam bo‘ldi. Xususan, ushbu kelishuvlar Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoy bilan sanoat va texnologiyalar borasida yaqin kooperatsiyaga o‘tish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan transport, raqamli va gumanitar o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochdi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bugungi kunda tizimli va barqaror asosda shakllanganini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi muntazam siyosiy aloqalar Hukumatlararo qo‘mita, Parlamentlararo guruh, tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqot, faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar kabi rasmiy va amaliy formatlarda yo‘lga qo‘yilgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ham bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan hisoblanadi. 2023 yil yakunlari bo‘yicha qayd etilgan rasmiy statistika ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, Xitoy Xalq Respublikasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylandi. Xususan, yakunlangan yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 13 milliard 722 million dollarga yetib, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 21,9 foizini tashkil etgan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan yirik savdo-iqtisodiy aloqalar bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishda samarali xizmat qilmoqda. Jumladan, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika sohalari uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan murakkab texnologik uskunalar va Xitoy investitsiyalarining ahamiyati beqiyos bo‘lmoqda. Keyingi yillarda “yashil” energetika, avtomobilsozlik, aloqa va telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo‘nalishlarida xitoylik sheriklar bilan yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirishda yangicha yondashuvlar ham qo‘llanilayotgani tahsinga sazovor. Bugungi kunda ikki mamlakat hududlari darajasida aloqani yo‘lga qo‘yishda katta amaliy qadamlar qo‘yildi. Xususan, 2023 yilda O‘zbekistonning barcha viloyatlari vakillari rasmiy delegatsiya bilan Xitoy hududlari va shaharlarida bo‘lishdi, ular bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatishdi. Ushbu hududlar kesimidagi aloqalar natijasida mamlakatimizning turli burchaklarida katta va kichik ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xitoyning kambag‘allikni yengib o‘tishdagi muvaffaqiyatli tajribasi bugungi kunda O‘zbekiston amaliyotida qo‘llash uchun yaqindan va har tomonlama o‘rganilmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalar ham yildan-yilga kengayib boryapti. Xitoy tili, bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan asosiy xorijiy tillardan hisoblanadi. Xitoy tili mamlakatimizning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari va maktablarda o‘qitilmoqda. Xitoy tili va madaniyatini mamlakatimiz aholisi orasida ommalashtirish maqsadida Toshkent va Samarqand shaharlarida Xitoy tomonining ko‘magida ochilgan Konfutsiy institutlari faoliyat yuritmoqda. Ko‘plab yoshlarimiz Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

O‘zbekiston va Xitoyda mavjud yuqori turistik salohiyat yaqin istiqbolda ikki mamlakat o‘rtasidagi turistlar oqimini jadal sur’atlarda oshirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar aynan shu yo‘nalishda qo‘yilayotgan amaliy qadamlardan hisoblanadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga amalga oshirgan navbatdagi davlat tashrifi yuqori darajadagi uchrashuv va muloqotlarga boy bo‘lib, o‘zining natijadorligi bilan alohida ajralib turganini qayd etish lozim.

Tashrif davomida O‘zbekiston yetakchisi va Xitoy Raisi Si Szinpin ishtirokida oliy darajada uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mamlakatlar o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, texnik-iqtisodiy hamkorlik, inson resurslarini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot, transport kabi sohalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar o‘zaro manfaatli bo‘lib, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz rahbari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining yuqori lavozimdagi davlat va hukumat mulozimlari bilan uchrashdi. Xususan, Xitoyning Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ikki tomon uchun manfaatli yo‘nalishlarda muloqotlar tashkil etildi.

Tashrifning yana bir ahamiyatli jihati shundan iborat bo‘ldiki, tashrif davomida bir nechta yo‘nalishlarda ikki tomon vakillari ishtirokida ixtisoslashtirilgan forumlar va tadbirlar tashkil etildi. Xususan, 25 yanvar kuni Xitoyning texnologiyalar, tadqiqotlar, ishlab chiqarish, biznes va iqtisodiyot, turizm va transport borasida global markazlardan biri hisoblanmish Shenchjen shahrida O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari forumni ochar ekan, tadbirda ishtirok etayotgan 600 dan ortiq nufuzli korxona va tashkilotlar rahbarlarini O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda ishtirok etishga chorladi.

Xulosa qilib shuni alohida ta’kidlash lozimki, 23-25 yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirilgan davlat tashrifi jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yangi, sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan dadil va amaliy qadam bo‘ldi. Tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni mas’ullar tomonidan samarali va o‘z vaqtida bajarilishi mamlakatlarimizning iqtisodiy taraqqiyotini va xalqlarimiz farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 

Qahramon Haqberdiyev,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi direktori.

O‘zA