English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Xitoy farmatsevtika sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda
22:43 / 2025-08-11

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish davlat siyosatida muhim o‘rin egallamoqda. Yaratilayotgan qulay investitsion muhit, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek klaster asosida shakllantirilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda muhim omillar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xalqaro hamkorlik va texnologiyalar transferi orqali mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar yangi bosqichga o‘tmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha soha mutasaddilarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida bir qator muhim biznes-forumlar va uchrashuvlar o‘tkazildi. 

Hongkongdagi O‘zbekiston –Xitoy biznes-forumida agentlik direktori Abdulla Azizov ishtirok etib, O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlar, shuningdek klasterlar asosida rivojlanayotgan ishlab chiqarish quvvatlari haqida atroflicha taqdimot qildi. Xitoyning “Lee’s Pharmaceutical” va “Zhaoke Ophthalmology” kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Muzokaralarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish va O‘zbekistonda innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari muhokama etildi.

Pekinda davom etgan xizmat safarida agentlik delegatsiyasi Xitoy Savdo palatasi va “China Resources Pharmaceutical Group” rahbariyati bilan uchrashdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy aloqalar va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekistondagi “Tashkent Pharma Park” loyihasi, soliq va bojxona imtiyozlari, mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar alohida e’tirof etildi. 

Shuningdek, “UnicornShell” (UnicornCaps) kompaniyasi rahbarlari bilan ham muloqot o‘tkazildi. Bu uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xitoydagi yana bir muhim manzil – Tyanszin shahridagi fan va texnologiya universiteti ilmiy-texnologik parki va “Tianjin International Joint Academy of Biomedicine” muassasalari bo‘ldi. Bu yerda ilmiy-texnik rivojlanish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion biofarmatsevtik loyihalarni amalga oshirish va ilmiy hamkorlik masalalari muhokama etildi. 

Innovatsion vaksinalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan “CanSino Biologics” kompaniyasi va “Guoju Medical Technology Co., Ltd.” kabi yirik tijorat va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu uchrashuvlarda O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish, sarmoya jalb qilish va texnologiyalar transferini ta’minlash yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Xitoyning Usi shahrida Savdo-sanoat palatasi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etilgan biomeditsina va tibbiy uskunalar ishlab chiqarishga bag‘ishlangan tadbir ham o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonda yaratilgan investitsiyaviy imtiyozlar, farmatsevtika sanoat zonalari va “Tashkent Pharma Park” haqida batafsil ma’lumot berildi. Xitoyning “Welkin Industry System Engineering”, “NEST Biotechnology”, “Wuxi BioHermes”, “Wuxi Cansonic va Chison Medical Technologies” kabi yetakchi kompaniyalari o‘z texnologiyalari va mahsulotlari haqida ma’lumotlar taqdim etdi. 

Mazkur tadbirda mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, texnologiyalar transferi va logistika zanjirlari yaratish borasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xizmat safari davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi BRIKS mamlakatlaridagi maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha hamkorlik markaziga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonga Xitoy ishchi guruhining tashrifi, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Xanchjou shahridagi “China Biopharma Town” biofarmatsevtika markazi bilan tanishuv mobaynida ilmiy tadqiqotlar, klinik sinovlar uchun yaratilgan sharoitlar va ishlab chiqarish infratuzilmasi o‘rganildi. “Hangzhou Jiuyuan Gene Engineering” kompaniyasida “Tashkent Pharma Park” loyihasi taqdim etildi va laboratoriya texnologiyalari bilan yaqindan tanishildi.

Muzokaralarda O‘zbekistonda “semaglutide biosimilars” ishlab chiqarish istiqbollari, standartlarni o‘zaro tan olish va ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Zhejiang Institute for Medical Device Testing” rahbariyati bilan uchrashuvda Xitoyning milliy tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi va optik texnologiyalar sohasidagi tajribasi o‘rganildi. Tomonlar tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni tartibga solish, tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Ta’kidlash joizki, ushbu uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xalqaro standartlarga muvofiqlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash sohasidagi sa’y-harakatlar farmatsevtika sanoatining barqaror o‘sishiga va sifatli dori-darmon hamda tibbiy uskunalar ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga zamin yaratadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA