O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 4-5 mart kunlari Vena shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda mamlakatimizning mutasaddi vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida XAEA bilan o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish nazarda tutilgan. Xususan, yadro xavfsizligi, radiatsiya himoyasi, milliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro xavfsizlik standartlarini joriy etish, shuningdek, malaka oshirish va kadrlar tayyorlash borasida "O‘zatom" agentligi bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muzokaralarda "Atoms4Food" dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha doirasida yadro texnologiyalari yordamida qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni takomillashtirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuv mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, "Umid nuri" loyihasi doirasida onkologik kasalliklarning oldini olish va davolashni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil etish, Yadro fizikasi institutida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi va uran ob’ektlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Uchrashuv doirasida XAEAning Xalqaro maktabini tashkil etish hamda O‘zbekiston Energetika haftaligi doirasida panelli sessiya o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
"O‘zatom" agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, delegatsiyaning tashrifi davom etyapti. Mazkur uchrashuvlar mamlakatimiz va XAEA o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA