Davlatlararo do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash hamda parlamentlararo muloqotni rivojlantirish maqsadida ko‘plab mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik va do‘stlik guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy majlisi o‘rtasida ham parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan.
Mazkur guruhlarning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi munosabatlar qadimiy tarixiy ildizlarga ega ekanligi qayd etildi.

Bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarda hamkorlik tobora izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv va tashriflar o‘zaro ishonchni mustahkamlab, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Madaniy-gumanitar sohada o‘zaro hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Vetnam tili va madaniyati markazi faoliyat yuritishi, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, bu esa, xalqlar o‘rtasida yaqin munosabatlarni mustahkamlayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ularning har yili kamida bir marta qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish hamda navbatdagi qo‘shma yig‘ilishni O‘zbekistonda tashkil etishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA