Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Vengriya: strategik sheriklik va ishonchga asoslangan samarali hamkorlik rivojlanmoqda
22:14 / 2025-09-05

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatiga Vengriya Milliy majlisi Raisi o‘rinbosari Ishtvan Yakob boshchiligidagi parlament delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik va ishonchga asoslangan samarali hamkorlik rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, qurilish, fan, ta’lim, innovatsiyalar va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Transport va logistika tizimini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlik va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro muloqotda ilmiy muassasalar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va yosh olimlar o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi. 

Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi muntazam muloqot va delegatsiyalar almashinuvi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga hamda ikki tomonlama munosabatlarni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotgani e’tirof etildi. 

Tomonlar qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, qo‘shma loyihalarda ishtirok etish va parlamentlararo muloqotni mazmunan boyitishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

N.Abduraimova, O‘zA