Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Budapeshtda Vengriya bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishni davom ettirmoqda. Jumladan, 17-19 may kunlari sanoat zonalarini boshqarish va rivojlantirish, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari, infratuzilma va yo‘l qurilishi, raqamlashtirish, energetika, elektr jihozlari ishlab chiqarish, loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha Sharqiy Yevropa bozorida yetakchi hisoblangan Vengriya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Vazirlik axborot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillari muloqotlar davomida o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish, ilg‘or tajriba va texnologiyani jalb etgan holda qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha hamkorlar bilan kelishuvga erishgan.

Tadbirlar davomida qo‘shilgan qiymatga ega, talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish, istiqbolli bozorlarga imtiyozli eksport qilish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan qator tashabbuslar ham muhokama qilingan.


O‘zbekiston – Vengriya ko‘p qirrali hamkorlik dasturlariga kiritiladigan mazkur bitimlar ijrosini ta’minlash uchun mas’ul alohida loyiha menejerlari biriktirilib, har bir bosqichni amalga oshirishni nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA