Oliy Majlis Senatiga Vengriya Milliy majlisi raisi o‘rinbosari Ishtvan Yakab tashrif buyurdi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Keyingi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada faollashgani ta’kidlandi.

Ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash hamda ekologiya sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Ikki tomonlama muloqotni ilgari surishda parlamentlararo hamkorlik guruhlari muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan Senatda faoliyat yuritayotgan Vengriya Milliy majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhning faoliyati yanada rivojlantirilishi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA