Munosabat
Vengriya Yevropaning iqtisodiyoti tez oʻsib borayotgan mamlakatlaridan biri. Xususan, qishloq xoʻjaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat. Mamlakatda bunday natijalar qayd etilishi uchun turli sohalarda tizimli islohotlar amalga oshirilgan.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan joriy yil 19-20 avgust kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Budapesht shahriga bordi. Mazkur safar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tobora rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlab berdi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar tarixi, ikki tomonlama kelishuvlar istiqboli xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Sharq mamlakatlari taraqqiyotini o‘rganish ilmiy-tahlil markazi direktori Qahramon ҲАҚБЕРДИЕВнинг fikrlarini yozib oldi.
– Vengriya Yevropa Ittifoqining siyosiy, iqtisodiy va moliyaviy institutlariga chuqur integratsiyalashgan davlat sanaladi. Mamlakatning uzoq tarixga siyosiy an’anasi bor. Malakali ishchi kuchi, past inflyatsiya darajasi, xorijiy investorlar uchun jozibador sharoit iqtisodiyotning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun asosdir. Vengriyaning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari Yevropaning yetakchi davlatlari hisoblanadi. Jumladan, Germaniya eng yirik eksport va import hamkori. Dunyodagi eng bir qator yetakchi avtokonsernlar ishlab chiqarish aktivlari Vengriyada joylashgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi davlatlararo munosabat ikki va ko‘p tomonlama formatda – Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida jadal mustahkamlanib boryapti. Vengriya TDT tashqi siyosiy uchrashuvlari doirasidagi tashkilotning to‘la huquqli va faol ishtirokchisiga ham aylandi. Xususan, mamlakatlarimiz, umuman, TDTga a’zo mamlakatlar bilan yaqin aloqa o‘rnatilishi, bir tomondan, bu xalqlarning tarixiy ildizi mushtarakligi bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, umumiy tarixiy ildizlar bilan belgilanadi. Vengriyaning xalqaro maydonda kuchayib borayotgan siyosiy notinchlik sharoitida tashqi siyosatga intilish mexanizmiga boshqacha yondashayotgani haqiqat. Tashqi siyosatdagi barqaror sharqiy vektor, TDT davlatlari bilan manfaatli aloqa o‘rnatish istagi Vengriyani boshqa Yevropa davlatlaridan ajratib turadi.
Ushbu aloqalar chuqurlashib borayotganini hisobga olib, joriy yil 20 avgust kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifi bilan poytaxt Budapeshtga borgan Shavkat Mirziyoyev kelgusida keng ko‘lamli hamkorlikni davom ettirish kabi oliy masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
20 avgust kuni Budapeshtda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida ikki tomonlama munosabat holati va istiqboli yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlari amaliy hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Ular avvalgi uchrashuvlarida mamlakatlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlagan. Parlamentlar, hukumatlar, departamentlar va viloyatlar hokimliklari darajasida samarali aloqalar o‘rnatildi. Mintaqaviy kun tartibi, jumladan, TDT doirasidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi yetakchi korxonalar hamkorligi mustahkamlanmoqda. Moliya sektori, farmatsevtika, transport, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.
Ta’lim sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar istiqboli e’tiborga molik. 170 nafar o‘zbekistonlik talabani Vengriya oliy o‘quv yurtlarida har yili stipendiya asosida ta’lim olishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) ham ta’lim sohasidagi davlatlararo munosabatni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga intiladi. Joriy yil 22 may kuni Budapeshtda “O‘zbekiston – Vengriya II rektorlar forumi” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda TDSHU rektori rektori ishtirok etdi. Rektorlar forumi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Karoli Gaspar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida akademik va ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqot hamda loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomon manfaatga mos keladi.
Akademik va ilmiy aloqalarni kengaytirish maqsadida 2023 yil 7 iyul kuni Karoli Gaspar universiteti, Milton Fridman universiteti va Vengriya rektorlari forumi vakillari TDSHUga tashrif buyurgan.
O‘shanda Vengriya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha reja va qadamlar belgilandi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati Vengriya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik istiqboliga ijobiy va optimistik munosabatda bo‘lib, uni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish niyatida.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.