Toshkent shahrida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekisto- Vengriya hukumatlararo komissiyasi hamraislari, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yuqori darajadagi tadbirda siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar va hududlararo sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishi hamda ustuvor yo‘nalishlarda munosabatlarni chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilindi.
Tomonlar idoralararo darajadagi hamkorlikni izchil va tizimli rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi bevosita aloqani mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan samarali ishlarni alohida qayd etdi.
To‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish hajmi oshgan. Investitsiyaviy hamkorlik ham kengayib bormoqda: venger kompaniyalari va banklari O‘zbekistonda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda va sheriklikni kengaytirish uchun yangi yo‘nalishlar izlayapti.
Farmatsevtika sohasidagi munosabatlarning yaqinlikka asoslangani ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekistonda dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma korxonalar tashkil qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ro‘yxatga olish ishlari jadal olib borilmoqda. Vengriya yetakchi farmatsevtika kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyasining investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Tomonlar transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini muhokama qilar ekan, ikki mamlakat transport idoralari o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolashni jadallashtirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqdi, muhim masalalar yuzasidan yakdil fikrga keldi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar almashdi. Loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan muloqotni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zA