Joriy yilning 19-21 may kunlari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashi deputati Doniyor Yusupov davlatimizning Vengriyaga qilgan rasmiy tashrifi, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorliklar haqida o‘z munosabatini bildirdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Zero, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan intilish har ikki davlatda ham juda kuchli ekanini yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu aloqalar yangicha sur’at oldi. 2021 va 2022 yillarda amalga oshirilgan o‘zaro rasmiy tashriflar, Budapesht va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan biznes forumlar, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar - barchasi ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, yetakchilar huzurida Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik bo‘yicha qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar almashildi. Ushbu deklaratsiya va hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Aytish joizki, Vengriya bilan fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik ham kengaymoqda. Yetakchi universitetlar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik mamlakatimiz barqaror taraqqiyotiga hissa qo‘shishga tayyor bo‘lgan bo‘lajak mutaxassislarning professional shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi aloqalar nafaqat siyosatchilar va diplomatlar doirasida, balki xalqlar o‘rtasida ham rivojlanmoqda. 2018 yildan buyon har yili 170 nafargacha o‘zbekistonlik yoshlarga Vengriya universitetlarida o‘qish uchun davlat stipendiyalari ajratib kelinmoqda. Ilmiy hamkorlik, startap loyihalar, Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi va o‘zbek kinosi kunlari - bular barchasi madaniy muloqotning yorqin misollaridir.
Ishbilarmon doira vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim almashinuvi bo‘yicha “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Shuningdek, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va mamlakatimizda Vengriya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu munosabat bilan joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi. O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari bugun tarixiy ildizlar, geosiyosiy manfaatlar va yangi global muhitdagi pragmatik yondashuv asosida shakllanmoqda.
Ikki mamlakat o‘z o‘tmishi, madaniyati va maqsadlari bilan farq qilsa-da, ularni umumiy strategik manfaatlar birlashtirmoqda. Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik singari, Toshkent-Budapesht hamkorligi nafaqat ikki xalq manfaati, balki mintaqaviy barqarorlikka ham xizmat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur rasmiy tashrifi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. Endi esa asosiy masala - mavjud imkoniyatlarni amaliy loyihalarga aylantirishdir.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda o‘zbek-venger munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki davlat yetakchilari uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar kengaytirilgan strategik hamkorlikning mustahkam asosini yaratdi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.