“O‘zatom” agentligi va Vengriyaning “MVM EGI Zrt.” davlat korxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi hamda anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur hujjatlar ikki davlat o‘rtasida yadroviy texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yangi ishlanmalarni joriy etish, qurilish ob’ektlari uchun sovitish tizimlarini yetkazib berish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutadi. Shuningdek, atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini belgilab beradi.
Ushbu “MVM EGI Zrt.” davlat korxonasi 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, energetika sohasida yuqori texnologik yechimlarni ishlab chiqish va ularni xalqaro bozorda joriy etishda katta tajribaga ega.
Qayd etilishicha, mazkur hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-20 may kunlari Vengriyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA