Atom energetikasi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda “O‘zatom” agentligida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida atom energetikasi sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirishga qaratilgan muzokaralar izchil davom etmoqda.
Ana shu hamkorlik doirasida “O‘zatom” agentligida Vengriyaning “MVM EGI Zrt.” davlat kompaniyasi bosh direktori Piter Karpati va loyiha direktori Pavel Bezrukov boshchiligidagi delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviy integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasidagi hamkorlikning bugungi bosqichi yuzasidan fikr almashildi. Loyihaning barcha ishtirokchilari sa’y-harakatlarini sinxronlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda uskunalar va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari ham markaziy mavzulardan biri bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish milliy yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish, mamlakat ichida barqaror ishlab chiqarish vakolatlarini shakllantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladigan strategik muhim omil sifatida baholandi.
Agentlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida ishonch va o‘zaro anglashuv yuksak darajada ekani qayd etildi. Tomonlar ochiq sheriklik tamoyillariga sodiq ekanliklarini, shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni faol transfer qilishga qat’iy intilishlarini bildirdi.
Muzokaralar yakunida shartnomalar bilan bog‘liq masalalarni batafsil muhokama qilishga e’tibor qaratgan holda, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va faol muloqotni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA