So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik izchil va amaliy mazmunda rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanayotgan strategik muloqot o‘zaro ishonch va yaqin qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutyapti.
Shu jarayonning navbatdagi muhim bosqichi sifatida Toshkent shahrida energetika sohasi rahbarlari o‘rtasida yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Turkmaniston Respublikasi energetika vaziri Annageldi Saparov, shuningdek, “Turkmengaz” milliy neft-gaz kompaniyasi raisi Maqsad Boboyev o‘rtasida o‘tkazilgan muloqotda har ikki mamlakatning yoqilg‘i-energetika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tashabbuslariga asoslangan holda, energetika sohasidagi hamkorlik oxirgi yillarda sezilarli darajada kengayayotgani ta’kidlandi. Ushbu siyosiy iroda sababli barcha yo‘nalishlarda, jumladan, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida ham ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston - Turkmaniston strategik sherikligini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan muhim kelishuvlar to‘plami qabul qilinganiga ham urg‘u berildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat rahbarlari belgilab bergan vazifalar doirasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mavjud ishlar samaradorligini oshirish borasida kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA