17 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida samarali kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Turkmaniston iqtisodiyotining tarkibiy xususiyatlari
Jahon banki tasniflashiga ko‘ra, Turkmaniston aholi daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston YAIM 2024 yilda 6,3 foizga o‘sgan. 2023 yilda aholi jon boshiga YAIM 7,8 ming dollarni, 2024 yilda esa (Trading Economics baholashiga ko‘ra) 8,14 ming dollarni tashkil qilgan. Mamlakat aholisi 7 mln.dan ziyod. 2024 yilda Turkmaniston 11 mlrd. dollar chet el investitsiyalarini o‘zlashtirgan. Iqtisodiyotning umumiy hajmida investitsiyalarning ulushi 17,6 foizga teng bo‘ldi. 2025 yilda 11,5 mlrd. dollar miqdorida investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Turkmaniston katta gaz zaxiralariga ega. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning uglevodorod resurslari 71 mlrd. tonnadan ziyod neft ekvivalentida baholangan bo‘lib, shundan 20 mlrd. tonnadan ziyod qismi neft va 50 trln. m3 dan ziyod qismi tabiiy gazdir. OPEK Turkmanistonni tasdiqlangan gaz zaxiralari bo‘yicha Rossiya, Eron, Qatar va AQSHdan keyin dunyoda 5-o‘rinda qo‘yib, ularni 13,95 trln. kub metrga baholadi. 2024 yilda tabiiy gaz qazib olish 77,6 mlrd. kub metrni, neft qazib olish esa qariyb 8 mln. tonnani tashkil etdi. Turkmaniston har yili 38 mlrd. kub metr gaz eksport qiladi. Qazib olingan tabiiy gazning qariyb 50 foizi “Markaziy Osiyo – Xitoy” magistral gaz quvuri orqali Xitoyga yetkazib beriladi.
Turkmaniston iqtisodiyoti tarkibi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra quyidagicha ko‘rsatilgan. YAIM umumiy hajmida sanoat ulushi 30 foiz, qishloq xo‘jaligi – 11,8 foiz, qurilish – 6 foiz, transport va aloqalar – 8,8 foiz, boshqa xizmat turlar – 43,4 foizga teng.
2024 yilda agrosanoat majmuida mahsulot ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 126,9 foizni tashkil etdi. G‘alla va paxta yetishtirilib, sabzavotchilik uchun yaratilgan issiqxonalar yaxshi samara bermoqda. 2025 yilda kuzgi ekinlar uchun 690 ming gektar maydon ajratilgan bo‘lib, g‘alladan 1,4 mln. tonna hosil olish rejalashtirilgan.
Xalqaro savdo markazi (trademap. org) sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Turkmaniston eksporti 13,7 mlrd. dollarni, importi 3,93 mlrd. dollarni, tovar ayirboshlash esa 17,63 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Turkmanistonning asosiy savdo sheriklari: eksport bo‘yicha: Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Turkiya va Gretsiya, import bo‘yicha: Turkiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Germaniya bo‘ldi.
Iqtisodiy hamkorlik dinamikasi
Turkmaniston iqtisodiyotining tarkibiy xususiyatlari ancha muvaffaqiyatli rivojlanayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti bilan iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga ham bog‘liq. Tashrif chog‘ida Prezidentlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda barcha sohalarda ijobiy sur’at va faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda tovar ayirboshlash 1 mlrd. dollardan oshdi. Yuk tashish hajmi ortib bormoqda, jumladan, Turkmanboshi portidan foydalanish faollashgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi so‘nggi yillarda barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2017-2024 yillar davrida o‘zaro savdo hajmi 6,4 baravarga – 177,9 mln. dollardan 1,14 mlrd. dollarga oshdi. O‘zbekistonning Turkmanistonga eksporti 1,8 baravarga o‘sib, 128,2 mln. dollarga yetdi, Turkmanistondan importi esa 10,6 baravarga oshib, 1,02 mlrd. dollardan oshdi. Turkmanistonning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 0,7 foizdan 1,7 foizga ortdi.
2024 yilda O‘zbekistonning Turkmanistonga eksporti tarkibining asosiy qismi kimyoviy mahsulotlar (o‘g‘itlar, o‘simliklar o‘sishiga xizmat qiluvchi moddalar, dezinfeksiyalash vositalari) – 42,5 mln. dollar, xizmatlar, eng avvalo, transport va logistika xizmatlari – 32,5 mln. dollar, oziq-ovqat mahsulotlari – 10,7 mln. dollar, tekstil buyumlari – 4,1 mln. dollar, mashina va uskunalar (maishiy texnika, elektr simlari) – 3 mln dollar hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, 2024 yilda 2023 yilga nisbatan energiya tashuvchilarni yetkazib berish 3,1 baravar, oziq-ovqat mahsulotlari – 13,5 foiz, mashina va uskunalar – 57,9 foiz, xizmatlar – 33,7 foizga oshdi.
Keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston eksportining salmoqli qismini oziq-ovqat tovarlari, to‘qimachilik mahsulotlari, mashinalar va maishiy texnika tashkil etadi. Aynan shu pozitsiyalarning o‘sishi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda rivojlantirish uchun salohiyat mavjudligidan dalolat beradi.
O‘zbekistonning Turkmanistondan importi asosan energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari hisobiga shakllanadi. 2024 yilda Turkmanistondan import tarkibida yetkazib berishlarning asosiy qismi energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi – 975,9 mln. dollar. Importning asosiy qismini energetika va neft mahsulotlari tashkil etdi. Ushbu mahsulotlar bo‘yicha import 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 10,4 foizga oshgan.
Turkmaniston importining boshqa tovarlari to‘qimachilik buyumlari, kimyoviy mahsulotlar va shishadan iborat bo‘lib, 2024 yilda quyidagi mahsulotlarni o‘z ichiga oldi: to‘qimachilik buyumlari – 8,9 mln. dollar (paxta iplari – 4,5 mln. dollar, sintetik tolalar – 3,4 mln. dollar); kimyo mahsulotlari (propilen polimerlari va plastmassa buyumlari – 5,03 mln. dollar) – 6,9 mln dollar; termik jilolangan shisha – 2,6 mln. dollar. 2024 yilda ushbu mahsulotlar bo‘yicha import hajmi 2023 yilga nisbatan biroz pasaygan.
Investitsiyaviy hamkorlik. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonda Turkmaniston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 12 foizga ko‘payib, qariyb 200 ta kompaniyani tashkil qildi.
2022-2023 yillarda Turkmaniston O‘zbekiston iqtisodiyotiga 6,7 mln. dollar sarmoya kiritdi. Qo‘yilmalar tarkibi kapital sig‘imdorligi va mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan uzoq muddatli loyihalarga e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
“Turkmaniston-Motors”va “O‘zavtosanoat” o‘rtasida sarmoya hajmi 10 mln. dollargacha bo‘lgan qo‘shma korxona tashkil etish asosiy loyihalardan biri hisoblanadi. Birinchi bosqichda yiliga 5000 dona yengil avtomobil ishlab chiqarish, kelgusida esa mahsulotlar qatorini qishloq xo‘jaligi texnikalari va avtobuslar hisobiga kengaytirish rejalashtirilgan. Bu kabi kooperatsiya formati umummintaqa kesimida avtomobilsozlik va unga aloqador tarmoqlarni rivojlantirish uchun asos yaratadi, chunki Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan shunga o‘xshash kooperatsiya formatlari amalga oshirila boshladi.
Erishilgan yangi kelishuvlar
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga, iqtisodiyotlarning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligiga, energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish borasida so‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravar oshgani ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda 2 mlrd. dollarlik maqsad belgilandi. Bu maqsadga erishish uchun “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi muhim vosita bo‘ladi. Zona faoliyati umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lgan O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasidagi savdoni o‘stirish uchun tayanch maydoniga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu tajribani boshqa hududlarda, eng avvalo, “Olot-Farob” hududida ham qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tajriba to‘planishiga qarab, tomonlar ushbu modelni boshqa chegaraoldi hududlarda, jumladan, “Olot-Farob” hududida qo‘llash niyatida. Shu tariqa, hududlar va ma’muriyatlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga asoslangan chegaraoldi integratsiyaning tarmoq formati yaratiladi. Shuningdek, ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forumni Xiva shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik. O‘zbekiston va Turkmaniston tomonidan elektr energiyasining yetkazib berilishi va tranziti bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qat’iy intilish borligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, yanada kengroq loyihalarga o‘tishga, jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi. “Yashil” energetikaga global o‘tish va mintaqaviy energiya xalqalarining roli ortib borayotgan bir sharoitda bunday tashabbuslar energiya tizimlarining barqarorligini oshirish va sanoat o‘sishi uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratish imkonini beradi.
Kelishuvlarning alohida qismi transport va logistikaga tegishli bo‘ldi. Yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda. Tomonlar avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlarini kengaytirish niyatida ekanini ta’kidlab, tranzit hajmini oshirish va yangi bozorlarga chiqish uchun Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish, poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldilar. Bu O‘zbekistonga eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beradi.
Ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari ustida birgalikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi. Bu, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va chegaraoldi ekotizimlarining barqarorligiga ta’sir qiluvchi iqlim xavflari kontekstida dolzarbdir.
Tashrif yakunida bir qator hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma; Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim; Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim; O‘rmon xo‘jaligi sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan. Bundan tashqari, Turkmaniston va O‘zbekistonning bir qancha hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.
Shu tariqa, bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston va Turkmaniston sheriklik munosabatlarining strategik xususiyatini tasdiqladi va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishning (asosiy iqtisodiyot tarmoqlarini qamrab olgan) tuzilmaviy kun tartibini shakllantirdi.
Davlat tashrifi yakunida kelishuvlarning salmoqli to‘plami imzolangan bo‘lib, bu savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport yo‘laklarini mustahkamlash, gumanitar sheriklikni faollashtirish uchun poydevor yaratadi. Umuman, so‘nggi yillardagi tendensiyalar ikki mamlakatning o‘zaro rivojlanishga hamda Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotida yangi o‘sish nuqtalarini yaratishga yo‘naltirilgan barqaror hamkorlik modelini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Xurshed Asadov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
direktori o‘rinbosari