Poytaxtimizda o‘tkazilgan rasmiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazardurdi Ogahonov chegara savdo zonasi faoliyatining amaliy jihatlarini muhokama qildi.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘lamini kengaytirish, milliy mahsulotlarni ilgari surish hamda ikki davlat tadbirkorligi rivoji uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladigan ushbu qo‘shma savdo markazi barpo etilishining huquqiy asosini kelishib oldilar.

Majmua jami 6 gektar maydonni egallaydi: har ikki tomon uchun 3 gektardan. Zarurat tug‘ilganda hudud alohida xalqaro kelishuv orqali kengaytirilishi mumkin.

E’tiborlisi, davlatlarimiz fuqarolari chegara oldi savdo hududiga vizasiz kirib-chiqish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston - Turkmaniston chegara oldi savdo zonasi ochilishi tadbirkorlarga o‘z mahsuloti bilan erkin savdo qilish, umumiy infratuzilma va soddalashtirilgan tartibdan foydalanish imkonini beradi. Bu esa transchegaraviy savdoni rivojlantirish orqali mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
G.Sattorova, O‘zA