Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya: xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasida strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
16:03 / 2026-01-21

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalasida Turkiya Respublikasiga ishchi tashrif amalga oshirildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshchiligida mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qabul qildi.

O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hamda xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokida «4+4» mexanizmi doirasida uchrashuv o‘tkazildi.

Ikki tomonlama munosabatlarning eng dolzarb mavzulari, mintaqaviy masalalar va global jarayonlar, shuningdek, barqaror rivojlanish va farovonlikni mustahkam xavfsizlik asosida ta’minlashga qaratilgan eng samarali hamkorlik yo‘llari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpo‘latov va Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri janob Ali Yerlikaya o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Tomonlar transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor va samarali axborot almashish, migratsiya masalalari, ilg‘or tajriba va zamonaviy usullarni joriy etish borasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash masalalari keng muhokama qilindi. Tomonlar raqamli xavf-xatarlarga qarshi samarali choralar ko‘rish, kiberjinoyatlarni fosh etishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, raqamli kriminalistika yo‘nalishida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish hamda bu sohada muntazam tajriba almashib borish muhim ekani ta’kidlandi. 

Shu bilan birga, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi xalqaro miqyosdagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarkibida yangi tashkil etilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Jandarmeriyasi huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida migratsiya jarayonlarini tartibga solish, fuqarolarning o‘z davlatlariga qaytishiga ko‘maklashish hamda bu borada o‘zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Do‘stona, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan mazkur tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ichki ishlar organlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda xavfsizlik sohasidagi qo‘shma sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

O‘zA