“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida to‘qimachilik sohasi vakillari ishtirokida ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va “Arikan Group” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda “Kipaş Holding”, “Molcem Nano”, “Elif Iplik” kabi yirik turk to‘qimachilik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida ikki davlat korxonalari o‘rtasidagi mavjud hamkorlik, yangi investitsiya loyihalari va bozor imkoniyatlari keng ko‘rib chiqildi. Xususan, “Molcem Nano” kompaniyasi ishlab chiqarish jarayonlarining bir qismini Chirchiq texnoparkiga ko‘chirgani, “Elif Iplik” esa O‘zbekistonga eksport va qo‘shma loyihalarga qiziqish bildirgani ta’kidlandi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, “Arikan Group” bilan O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish va Turkiyada marketing ofislarini ochish rejalashtirilmoqda. Qolaversa, Toshkent to‘qimachilik universiteti bilan milliy liboslar dizayniga bag‘ishlangan biyennale tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, kelgusi hamkorlik doirasida turk kompaniyalari 2025 yil 9-11 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “TextileExpo” ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekistonga biznes-missiya bilan tashrif buyurishi belgilangan. Ushbu tashrif ishlab chiqarish, innovatsiya va madaniy almashinuv sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA