Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya savdo aloqalarini mustahkamlamoqda
15:14 / 2025-04-14

Iqtisodiyot va moliya vazirligida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya doirasida Ishchi guruhning navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Turkiya Respublikasi Tijorat vazirligi departamenti direktori Xakki Burunchu rahbarligidagi mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi “Harakatlar rejasi”da belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi va istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya va iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, joriy yil 14–15 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi va Biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Harakatlar rejasi”da ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish va samarali hamda tizimli ishni davom ettirish borasida kelishuvga erishdilar.

N.Ziyodullayeva, O‘zA