Bugun, 26 fevral kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda birodar turk xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi. Prezident Erdog‘anning zamonaviy Turkiyaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishdagi roli alohida qayd etildi.
Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ikki mamlakat yetakchilari oliy darajadagi muntazam muloqotlar pandemiyaning murakkab sharoitlarida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining yuqori sur’atini saqlab qolishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiya hukumati tomonidan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi taraqalishiga qarshi kurashishda ko‘rsatilayotgan yordam va amaliy ko‘mak uchun o‘z hamkasbiga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Savdo, sanoat, energetika, infratuzilma, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalar, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarining amalga oshirilishi ham ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda tayyorlash va qabul qilish muhimligi qayd etildi. Investitsiya muhitini takomillashtirish, hududlarni jadal industrial rivojlantirish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali tashkil etish masalalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishdagi hamkorlik faollashmoqda.
Davlat rahbarlari ta’lim, kinematografiya, madaniyat va turizm sohalarida qator ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbir va muloqotlar rejasi muhokama qilindi, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitiga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining suhbati har doimgidek ochiq, do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi.