Iqtisodiyot va moliya vazirligida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, olti ustuvor yo‘nalish bo‘yicha mahalliy korxonalar vakillarini Turkiya standartlari asosida malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-treninglar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, TİKA grantlarini jalb qilgan holda boshqa salohiyatli yo‘nalishlarda keng qamrovli hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga qo‘yildi va keyingi qadamlar belgilab olindi.
Muhokamalarda energiya samaradorligini oshirish, urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, xizmatlar sohasini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari alohida qayd etildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, TİKA - Turkiya Respublikasining rasmiy rivojlanish hamkorligi agentligi bo‘lib, 1992 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda TİKA 60 dan ortiq davlatda 60 dan ziyod koordinatsiya ofislariga ega. Agentlikning asosiy maqsadi Turkiya va hamkor mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, madaniy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va texnik hamkorlik sohalarida loyihalar amalga oshirishdir.
Uchrashuvda 2025 yilda Toshkent va Anqara shaharlarida vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari uchun TİKA hamkorligida qator malaka oshirish va o‘quv dasturlari tashkil etilayotgani ham mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali va tizimli davom ettirishga kelishib oldi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA