19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Turkiya Respublikasining 11-prezidenti Abdulloh Gyul boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida “O‘zbekiston-Turkiya: keng ko‘lamli strategik sherilik istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Abdulloh Gyul – taniqli davlat arbobi, Turkiyaning 11-prezidenti. Turli yillarda tashqi ishlar vaziri, bosh vazir lavozimlarida mehnat qilgan. Ish faoliyati davomida Turkiyani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirishga katta hissa qo‘shgan.
Tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Alisher Agzamxo‘jayev, ikki mamlakat parlamentlari deputatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ekspertlari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlik va global rivojlanishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Abdulloh Gyul ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holatini yuqori baholab, ularning izchil rivojlanishiga ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli erishilganini qayd etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan pragmatik tashqi siyosati samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakat barqaror rivojlanayotgani, aholi turmush darajasi yaxshilanib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Abdulloh Gyulning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada alohida o‘rin egallagan O‘zbekiston azaldan sivilizatsiya, fan va ta’lim markazi bo‘lib kelgan. Bu zamin Imom al-Buxoriy, Moturidiy, al-Farg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk mutafakkirlarning Vatani hisoblanadi. O‘sha davrlardagi samarali davlat boshqaruvi tizimi tufayli ular dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
— Biz ana shu tarixiy jarayonlar tiklanayotganining guvohi bo‘layapmiz. O‘zbekistonda Uchinchi Renessans uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar yangi istiqbollarga poydevor qo‘ymoqda. Mamlakat o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam tashlamoqda, — dedi Abdulloh Gyul.

Shuningdek, yuqori martabali mehmon O‘zbekistonga “turk olamining yuragi” deb ta’rif berib, mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning tashabbuslari natijasida bugun Turkiy davlatlar tashkiloti aniq kun tartibiga ega jadal rivojlanayotgan xalqaro tuzilmaga aylanmoqda.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ufuk Ulutash O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi rivojida o‘sish kuzatilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik ko‘plab sohalarni qamrab olayotgani va amaliy natijalarga qaratilayotganini qayd etdi.
Xususan, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildan buyon uch barobarga o‘sib, 2024 yilda 3,5 milliard dollarga yetdi. Natijada Turkiya O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘ringa chiqdi. Respublikamizda Turkiyaning 2 mingdan ziyod kompaniyalari faoliyat yuritayotgani ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining yuksak ishonchidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Alisher Agzamxo‘jayev O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish zarurligiga alohida to‘xtaldi.

Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillik do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari keng qamrovli bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro aloqalarni bu darajaga olib chiqishda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi yaqin va ishonchli muloqot muhim omil bo‘ldi.
Davra suhbati ishtirokchilari kuzatilayotgan barcha ijobiy tendensiyalarni sarhisob qilib, bugun Toshkent va Anqara barcha muhim yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga intilayotganini qayd etdilar.
Tadbir yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari, parlamentlari va tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalar va muloqotni yanada chuqurlashtirishga qiziqish bildirdi.