Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya oliy moliyaviy nazorat organlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
17:44 / 2022-06-02

Turkiya Respublikasining Anqara shahrida oliy moliyaviy nazorat organi – Hisob sudiga asos solinganining 160 yilligi nishonlandi. Ushbu tarixiy ahamiyatga ega tadbirda Turkiya tomonining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Turabov ishtirok etdi.

Anqara shahridagi tantanali marosimda Turkiya Respublikasining Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an nutq so‘zladi. U Hisob sudini huquqiy davlatning asosiy ustunlaridan biri deb ta’riflar ekan, ushbu muassasa Turkiya davlat boshqaruvi tizimida muhim o‘rin tutganini ta’kidladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Turkiyaning oliy moliyaviy nazorat organlari o‘rtasida uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini hisobga olib, tomonlar hamkorlik formatini ham kengaytirish vaqti kelganini qayd etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Turabov va Turkiya Respublikasi Hisob sudi raisi Metin Yener o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tomonlar mustaqil tashqi audit va davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish uslubiyati va tartibi sohasida tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli mavzularda konferensiya va o‘quv seminarlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Uchrashuvlar doirasida shuningdek, Hisob palatasi rahbariyati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Portugaliya kabi mamlakatlar oliy moliyaviy nazorat idoralari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Har bir mamlakat bilan uning davlat auditi sohasidagi milliy tajribasi va xalqaro tashkilotlardagi ishtirokidan kelib chiqqan holda istiqbolli hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinib, yangi vazifalar belgilab olindi.

Anqaradagi uchrashuvlar samimiy va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

O‘zA