Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya – mushtarak qadriyatlardan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi sari
18:48 / 2021-03-17

Joriy yilning mart oyida O‘zbekistonning Turkiya bilan rasmiy diplomatik aloqalari o‘rnatilganligiga 29 yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan o‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi birodarlik va qardoshlik ruhidagi hamda o‘zaro iqtisodiy manfaatlar ustuvorligi asosida shakllanayotgan aloqalar tizimidagi o‘zgarishlarni sarhisob etsak, bu munosabatlar yangi shakl va mazmun kasb etib borayotganligiga guvoh bo‘lamiz. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Toshkent va Anqara munosabatlar tizimining bunday harakteriga mustahkam tamal toshi O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki davrdayoq qo‘yilgan edi. Turkiya dunyodagi BMT tashkilotiga a’zo bo‘lgan 200ga yaqin mamlakatlar ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olib, uning dunyo siyosiy xaritasida yangi davlat sifatida e’tirof etilish jarayonini boshlab bergan mamlakat maqomiga ega bo‘ldi. 

Shu bilan bir qatorda, Turkiya mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini va so‘nggi vaqtlarda zamonaviy tashqi siyosiy strategiyasi doirasida xalqaro maydonda tashlayotgan dadil amaliy qadamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va xayrixoxlik bildiradi. 

bugungi kunda o‘zaro hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlarni e’tirof etish lozim. Turkiya Prezidenti 2016 yildan beri mamlakatimizga ikki marta tashrif buyurgani, shu tarixan qisqa davr mobaynida davlatimiz rahbarining ham Turkiyaga ikki bora tashrifi bo‘lib o‘tgani va ushbu uchrashuvlarning sermazmun yakunlari bunga yorqin misol bo‘lishi mumkin. 

Shularni inobatga olgan holda, hech ikkilanmasdan ta’kidlash mumkinki, aynan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Rejep Tayip Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi, qat’iyati hamda ular o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratib berdi. 

Natijada aloqalar istiqbollarini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida muhim kelishuvlarga erishilib, ushbu bitimlar bo‘yicha dadil amaliy harakatlar boshlandi. Jumladan, ikki davlat munosabatlari tizimida yangi muloqot formati – oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. Ushbu kengashning birinchi yig‘ilishi ikki davlat rahbarlari hamraisligida 2020 yil 19 fevral kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat aloqalar tarixi yana bir muhim hodisa bilan boyishi uchun zamin hozirladi – joriy yilning 
7 mart kuni Samarqand shahrida Turkiya bosh konsulligi o‘z faoliyatini boshladi. Natijada Turkiya Samarqand shahrida konsullik idorasini tashkil etgan Qozog‘istondan keyingi ikkinchi mamlakatga aylandi. Ushbu hodisa haqli ravishda turk tomonidan Toshkent va Anqara o‘rtasida boqiy do‘stlikning yana bir ramzi bo‘lishi e’tirof etildi. 

Siyosiy muloqotlarning bunday tarzda faollashuvi bevosita ikki davlat munosabatlarining iqtisodiy tarkibi kengayib borishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat ikki tomonlama savdo ko‘lamining o‘sish dinamikasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jumladan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2020 yil yakunlariga ko‘ra 2016 yilga nisbatan ikki barobar o‘sdi va 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Yaqin istiqboldagi rejada esa bu ko‘rsatkichlarni 5 milliard AQSH dollariga ko‘tarish belgilangan. Buning natijasida Turkiya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sherigi maqomini mustahkamlashi mumkin. 

Shusiz ham hozirgi kunda Turkiya savdo hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi hamkori sanaladi. Qolaversa, so‘nggi to‘rt yil ichida turk sarmoyadorlari ishtirokida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 1,5 mingtadan oshdi. Buning natijasida mamlakatimizdagi turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat yuritayotgan korxonalar umumiy sonining 12% foizini tashkil etmoqda. Shuning o‘zi fikrimiz tasdig‘i uchun yana bir misol bo‘ladi. 

Bundan tashqari, iqtisodiy aloqalarning rivoji ikki mamlakat uchun strategik hisoblangan turizm sohasida ham ko‘zga tashlanmoqda. Agar Turkiya bu yo‘nalish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoriga kirsa, O‘zbekiston haqli ravishda ulkan salohiyatga ega va shiddat bilan rivojlanayotgan sayyohlik xizmatlari bozori sanaladi. 

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Turkiyaga yiliga o‘rtacha 
40 milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyurib, bu sohadagi mamlakatning yillik daromadi 30 milliard AQSH dollaridan oshadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bir qator turk ekspertlarining mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadlarida mas’ul lavozimlarda ish faoliyatiga jalb qilinishlari aslo tasodifiy hodisa emas. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizni ziyorat qilish maqsadida tashrif buyurayotgan musulmon o‘lkalari sayyohlarining katta qismi ham Turkiya fuqarolariga to‘g‘ri kelmoqda. Hususan, 2019-2020 yil yakunlariga ko‘ra yurtimizga kelgan turk sayyohlarining umumiy soni 85 ming kishiga yaqinlashdi. 

Shularni inobatga olgan holda, yaqin istiqbolda o‘zbek-turk aloqalari yanada rivoj topishi mumkinligi haqida ta’kidlash uchun barcha asoslarga egamiz. Bunga yana quyidagi omillar qo‘shimcha zamin hozirlamoqda. 

Birinchidan, o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik 
va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Har ikki mamlakat aholisining madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. Bu esa munosabatlarning chuqur tarixiy va madaniy ildizlarga ega ekanligini ko‘rsatib, mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda. Qolaversa, madaniy va tarixiy jihatdan bu ikki mamlakat turkiy halqlar tamadduni rivojida markaziy o‘rin tutishgan. 

Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, 2019 yili O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkilotiga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan yuqori baholandi va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi. O‘z navbatida, bu hodisa nafaqat turkiy olamda birodarlik ruhining mustahkamlanishiga, balki Anqara va Toshkent o‘rtasida yangi muntazam hamkorlik formati paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ldi. 

Ikkinchidan, Prezident Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, xalq farovonligini va hayot darajasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar dasturini jadallik bilan olib bormoqda. Mazkur siyosatning muvaffaqiyati qisman bo‘lsada mamlakatimizning tashqi hamkorlari bilan samarali aloqalarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishimizga bog‘liq. 

Shu sababli ushbu ichki inqilobiy o‘zgarishlarga yangi faol, pragmatik va konstruktiv ruhdagi tashqi siyosat hamrohlik qilmoqda. Shu o‘rinda, Turkiyaning rivojlangan sanoati, qishloq xo‘jaligida erishgan yutuqlari, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi va turk sarmoyadorlarining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan tabiiy qiziqishlarining ortib borayotganligi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 

Uchinchidan, O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan dunyo Ummonining diltortar kengliklariga va jahonning yangi eksport bozorlariga chiqish, shuningdek milliy iqtisodiyotni xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimiga va mahsulotlar ta’minoti zanjiriga chuqur integratsiyasini ta’minlash kabi qator strategik maqsadlari va bunga nisbatan qilayotgan tizimli intilishlari Turkiya mamlakatini respublikamizning mazkur yo‘nalishdagi tabiiy hamkoriga aylantirmoqda. 

Buning sababi Turkiyaning dengiz sarhadlari bilan chegaralanganligi, jadal rivojlanayotgan transport-kommunikatsiya tizimiga egaligi, Yevropa va Osiyo qitalariga geografik qo‘shniligi hamda O‘zbekistonning o‘z transport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishidan har tomonlama manfaatdor ekanligidadir. Fikrimizning kichik bir isboti sifatida 2019 yildan Anqara tomonidan o‘zbek avtomobil qatnovchilari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilganini keltirib o‘tsak bo‘ladi. Qolaversa, bugungi kunda O‘zbekiston Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya hududlaridan o‘tuvchi «Boku-Axalkalasi-Kars» temir yo‘l tarmog‘idan foydalanmoqda. Ushbu transport yo‘lagi bizni G‘arb bozorlariga olib chiquvchi eng qisqa tranzit yo‘nalishi hisoblanadi. 

To‘rtinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va uni dunyo miqyosidagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadlari tashqi hamkorlar bilan sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi hamkorlikni kuchaytirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish, tashqi sarmoyalar va yuqori texnologiyalarni keng ko‘lamda jalb etishni talab etmoqda. 

Shu ma’noda, O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiy taraqqiyot strategiyalari bir necha muhim sohalarda bir-birini to‘ldirish qobiliyatiga ega ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Bunga sabab, Turkiya dunyoning 20 ta yirik iqtisodiy rivojlangan davlatlardan biri hisoblanishi va O‘zbekiston uchun muhim hisoblangan turizm, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, qurilish, oziq-ovqat sanoati sohalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritganligidadir. 

Xususan, Turkiya to‘qimachilik va zargarlik buyumlari sanoati dunyodagi kuchli beshtalikka kiradi. Turk qurilish shirkatlaridan 44 tasi jahon miqyosidagi yetakchi 250 ta qurilish kompaniyalari ro‘yxatidan o‘rin egallagan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Turkiya dunyoning iqtisodiy yetakchilaridan biri hisoblanmish Xitoy davlatidan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Mamlakat oziq-ovqat sanoati mahsulotlari esa G‘arb bozorlariga kirib borishga, undagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga ulgurgan bo‘lsa, turk avtomobil sanoati oddiy avtomobillardan milliy elektron avtomobillarni ommaviy ravishda ishlab chiqarishga o‘tish taraddudida turibdi. 

Bu holat Turkiyaning biz uchun muhim iqtisodiy sherik ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Chunki yangi O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan mutlaqo yangi iqtisodiy taraqqiyot modeli asoslarini barpo etishga kirishi iqtisodiyotning barcha sohalarida tizimli o‘zgarishlarni va bu tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini davomli rivojlantirish mumkin bo‘lgan ishonchli tashqi hamkorlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashni taqozo etadi. 

Muxtasar qilib aytganda, so‘nggi besh yillik tarixan qisqa davr mobaynida o‘zbek-turk aloqalarida mazmunan yuz yilliklarga tatigulik inqilobiy o‘zgarishlar yasash uchun mustahkam tamal toshi qo‘yildi – muhim dasturiy rejalar ishlab chiqilib, dadil amaliy harakatlar boshlandi. 

Munosabatlarning bunday tarzda kurtak yozishi O‘zbekiston va Turkiyaning xalqaro maydonda yanada nufuzi ortib, ikki davlat iqtisodiyoti o‘sish suratlarini barqarorligi, mamlakatlar xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va yaratuvchanlik salohiyatining to‘liq ro‘yobga chiqishini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir. 

Aziz Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi 

strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

yetakchi ilmiy xodimi