Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya: ma’muriy sudlov sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashiladi
17:22 / 2025-09-29

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Davlat kengashi (Oliy ma’muriy sudi) raisi Zeki Yigit bilan uchrashdi.

Muloqotda xalqlarimizni ko‘p asrlik tarix, til, din, qadriyatlar va mushtarak urf-odatlar bir-biriga chambarchas bog‘lab turishi e’tirof etildi. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib borayotir.

Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirildi.

Prezidentimizning joriy yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mamlakatimizda davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari himoyasini ta’minlashda tizimli islohotlar olib borilayotgani aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi "Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida yangi tahrirdagi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ustida ko‘lamli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Tomonlar ma’muriy sudlov sohasini yanada takomillashtirish masalasi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish borasida faol hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Ishchan va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Turkiyalik mehmon Oliy sud muzeyi bilan ham tanishdi.

N.Abduraimova, O‘zA