Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya kimyoviy reagentlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qiladi
09:37 / 2025-07-30

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va Turkiyaning “ADO Mining” kompaniyasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda neft-gaz sohasida qo‘llaniladigan kimyoviy reagentlarni mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida “ADO Mining” kompaniyasining xalqaro bozorda tutgan o‘rni, uning bariy sulfati va kalsiy karbonat kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishdagi tajribasi hamda sanoat salohiyati haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, mazkur kompaniya Turkiya, Hindiston, AQSH, Indoneziya, BAA, Tunis, Marokash va Kanada kabi mamlakatlarda ishlab chiqarish ob’ektlariga ega bo‘lib, mahalliylashtirish bo‘yicha amaliy tajriba va investitsion salohiyatga ega.

Uchrashuv davomida o‘zbek tomoni hamkorlarga mamlakatdagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, infratuzilma imkoniyatlari, soliq va bojxona imtiyozlari, huquqiy kafolatlar hamda investorlarga davlat tomonidan taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Shuningdek, neft-gaz sanoati uchun import o‘rnini bosuvchi kimyoviy reagentlarni, jumladan, bariy va kalsiy karbonatlarni O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy asoslari, ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish imkoniyatlari va hamkorlik shakllariga ahamiyat qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasi va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha texnik-iqtisodiy tahlillar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishdi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA