Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya: keng qamrovli strategik sheriklikning yangi geosiyosiy ufqlari
14:37 / 2026-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi va Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur muloqot shunchaki diplomatik tashrif doirasidan chiqib, O‘zbekistonning tashqi siyosiy strategiyasida muhim o‘rin tutuvchi ko‘p qirrali hamkorlikning institutsional ifodasiga aylandi. Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining yuksak ehtirom bilan qabul qilinishi Toshkent va Anqara o‘rtasidagi aloqalar nafaqat strategik sheriklik, balki chuqur tarixiy ildizlarga asoslangan birodarlik va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida qurilayotganini yaqqol namoyish etdi.

Muzokaralarning siyosiy ahamiyati O‘zbekiston mintaqaviy va global jarayonlarda o‘z rolini kuchaytirib borayotgani bilan bevosita bog‘liqdir. Turkiya tomoni respublikamizni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiya jarayonlarining muhim drayveri sifatida e’tirof etishi mamlakatimiz tashqi siyosiy nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, 1996 yil imzolangan Abadiy do‘stlik va hamkorlik shartnomasining 30 yilligi arafasida kechgan ushbu uchrashuv ikki davlat suveren manfaatlari mushtarakligini yana bir bor tasdiqladi.

O‘zbekiston uchun Turkiya bilan munosabatlarni mustahkamlash iqtisodiy va texnologik modernizatsiya jarayonini jadallashtirish barobarida, xalqaro maydondagi geosiyosiy muvozanatni ta’minlashning ham muhim omili hisoblanadi.

Iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy ishonchning amaliy natijasidir. So‘nggi o‘n yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobar ortgani, Turkiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi hajmi 5 milliard dollarga yetgani strategik sheriklikning mustahkam moddiy poydevorini yaratdi. Mamlakatimiz milliy manfaatlari nuqtai nazaridan, turk kompaniyalarining sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani rivojlantirish loyihalaridagi ishtiroki yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda texnologik transferni ta’minlashda alohida qimmatga ega.

Shuningdek, 4+4 mexanizmi va xavfsizlik sohasidagi muvofiqlashuv O‘zbekistonning mudofaa salohiyatini oshirish va mintaqaviy tahdidlarga qarshi turish imkoniyatini kengaytiradi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi. G‘azo va Falastin masalasidagi qat’iy, adolatli pozitsiya, shuningdek tabiiy ofatlar oqibatini bartaraf etishdagi o‘zaro ko‘mak – Xatay viloyatidagi “O‘zbek mahallasi” va Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi misolida ikki xalqning taqdiri va kelajagi bir ekanini anglatadi.

O‘zbekistonning Turkiya bilan munosabatlari endilikda nafaqat ikki tomonlama xususiyat kasb etmoqda, balki keng qamrovli mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy farovonlikni ta’minlovchi strategik masalaga aylanmoqda. Bu esa o‘z navbatida, “Yangi O‘zbekiston”ning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirish, milliy manfaatlarini uzoq muddatli istiqbolda himoya qilishga ko‘maklashadi.

Nodira Kayimova, O‘zA