So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil ravishda mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy aloqalar yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Xususan, ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi ochiq muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar investitsiya muhitini yaxshilash hamda qo‘shma loyihalarni kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan navbatdagi amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda turk biznes vakillari bilan doimiy aloqani ta’minlashga qaratilgan hamkorlik mexanizmini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu tashabbus natijasida tadbirkorlarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, tegishli vazirlik va idoralar bilan bevosita hamkorlik o‘rnatish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini kengaytirish va ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ayniqsa, O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan turk kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va yangi investorlar uchun qulay muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uyushmalar va kompaniyalar vakillari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar atroflicha tinglandi. Ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan mas’ul tashkilotlar ishtirokida batafsil muhokamalar o‘tkazildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, joriy yil 19-yanvarda o‘tkazilgan avvalgi yig‘ilishdan so‘ng o‘tgan bir yarim oy davomida 30 ta kompaniya va uyushma bilan 25 ta uchrashuv tashkil etildi.
Bu boradagi ish rejasi asosida turkiyalik investorlar faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi va qariyb 20 ta kompaniyaning masalalari ijobiy hal etildi.
Xususan, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bank-moliya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda investorlarga ko‘rsatilayotgan servis sifatini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
O‘zi navbatida, turk ishbilarmonlari yurtimizda yaratilayotgan investitsiya muhiti, qonunchilik bazasining takomillashib borayotgani va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni ijobiy baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA