O‘zbekiston Respublikasiga Turkiyaning mustaqil ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uyushmasi “MUSIAD” bosh raisi Maxmut Asmali boshchiligida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar delegatsiyasi tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “MUSIAD” uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar ishtirokida biznes-forum va “V2V” formatidagi ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Savdo-sanoat palatasi axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu tashrifdan maqsad – qurilish sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, neft va metallurgiya, go‘sht va sut mahsulotlari, shamol va quyosh energiyasi, transport va logistika sohalarida muzokaralar olib borishdir.
Tadbirni Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, “MUSIAD” bosh raisi Maxmut Asmali, “MUSIAD” O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serdar Kelebek hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Forum davomida Turkiya tadbirkorlari O‘zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «V2V» uchrashuvida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Unda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 150 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi. Muzokaralarda O‘zbekiston – Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya korxonalari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zA