Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya 100 million dollarlik uy to‘qimachilik yo‘nalishida o‘zaro kelishuvga erishdi
11:50 / 2024-06-05

Joriy yilning 3-4 iyun kunlari Istanbul shahrida O‘zbekiston-Turkiya to‘qimachilik biznes- forumi bo‘lib o‘tdi.

100 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etgan ushbu tadbirda to‘qimachilik sohasida erishilgan natijalar sarhisob qilindi va kelgusida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Forum doirasida o‘zbek va turk ishbilarmon doira vakillarining B2B uchrashuvlari tashkil etildi.  

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Turkiya kapitali ishtirokida navbatdagi 100 million dollarlik uy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida shartnoma imzolandi.  

Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Istanbul moda akademiyasi ta’lim koordinatori Gyulin Girishmen (Gülin Girişmen) va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi v.b. Mirmuhsin Sultonov  o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.    

Uchrashuv chog‘ida Gyulin Girishmen xonim O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanayotgani, bu jarayon hamkorlik va tajriba almashishga imkoniyat yaratayotganini ta’kidladi.  

Qayd etilganidek, Istanbul moda akademiyasi ushbu sohada innovatsion va zamonaviy ta’limni taklif qiluvchi Turkiyadagi dunyo miqyosida tan olingan maktablardan biridir.  

Tomonlarning galdagi uchrashuvi Ekoteks laboratoriya va inspeksiya xizmatlari tashkilotida bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi to‘qimachilik mahsulotlarini test sinovidan o‘tkazuvchi sinov laboratoriyalarini O‘zbekistonda tashkil etish taklifini bildirdi.  

Tadbirda aytib o‘tilgani kabi Ekoteks laboratoriya va inspeksiya xizmatlari tashkiloti 400 turdagi sinovlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega.  

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA