Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri jamoasi "Vatandoshlar" jamoat fondi tashabbusi bilan Tojikiston Respublikasiga ijodiy safarni amalga oshirdi.
Tashrif doirasida teatr jamoasi Shukur Burhonov nomidagi o‘zbek musiqali drama teatrida bo‘ldi. O‘zbekistonlik ijodkorlar mazkur teatr sahnasida “Qaytar dunyo” spektaklini namoyish etdi.
Bu safar ikki qon-qarindosh xalq — o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sahna asari tojikistonlik tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgani ularning davomli olqishlarida, san’atkorlarimizga nisbatan mehr va e’tiborida o‘z aksini topdi.
Shuningdek, ijodiy safar davomida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri va Shukur Burhonov nomidagi o‘zbek musiqali drama teatri o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat ikki qardosh xalq teatrlari o‘rtasida ijodiy almashinuvlar va tajriba bilan o‘rtoqlashishni nazarda tutadi. San’at orqali do‘stlik va madaniy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA