Oliy Majlis Senatiga Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ismatullo Nasridin tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, siyosiy muloqot faollashgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil kengayib borayotgani qayd etildi.

Parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va xalqaro parlament maydonida muloqotni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Bu borada hududlararo munosabatlarni yanada faollashtirish va parlamentlar yuqori palatalarining hamkorligi bo‘yicha komissiyalarning amaliy dasturlarida ham mahalliy kengashlar bilan aloqalarni mustahkamlash lozimligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA